Tennis bo‘yicha xalqaro turnir g‘oliblari aniqlandi

Samarqand shahridagi “Dinamo” tennis kortida o‘smirlar va qizlar o‘rtasida tennis bo‘yicha “ITF World Tennis Juniors” xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalari taqvimiga kiruvchi turnir bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Belarus,Turkiya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning 130 nafarga yaqin tennischilari bellashdi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, o‘smirlar yakkalik bahsi finalida rossiyalik Maksim Vlasov hamyurtimiz Artur Ibragimovni 7:6, 6:1 hisobida mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘smirlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida ham rossiyalik tennischilar Vladimir Buzayev va Maksim Vlasov juftligi yurtimiz vakillari Ilyos Abrorov va Bekzod Ne’matovlarni mag‘lub etib, birinchi o‘rinni band etishdi.

Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahsi finalida rossiyalik tennischi Aleksandra Cheishvili Qozog‘iston vakilasi Ademi Amankeldini 6:1, 6:1 hisobida dog‘da qoldirib, g‘olib bo‘ldi. Juftlik bahslarida hamyurtlarimiz Munisa Ashurbekova va Shahnoza Marimova juftligi qozog‘istonlik tennischilar Ademi Amankeldi va Malika Amirgaliyevalarga qarshi kortga chiqdi. Uch set davom etgan bahsda qozog‘istonlik tennischilar g‘alaba qozondi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi va g‘olib sportchilar xalqaro reyting ochkolariga ega bo‘ldi.