O‘zbekistonning barcha hududlarida «Inson huquqlari haftaligi» o‘tkaziladi

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya a’zolari ishtirok etdi. Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda, shuningdek, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud va Bosh prokuratura, vazirlik va tashkilotlar, agentlik va muassasalar rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya raisi Akmal Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan ikkita muhim hujjat – O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanganiga e’tiborni qaratdi. Ushbu hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va samarali tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova so‘zga chiqdi. Ishtirokchilar davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi doirasida 2023 yil 20-28 fevral kunlari «Inson huquqlari haftaligi»ni o‘tkazish bo‘yicha Dastur loyihasi haqida to‘xtalib, haftalikni yuqori saviyada tashkil etish borasida o‘z takliflarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida «Inson huquqlari haftaligi»ni o‘tkazish bo‘yicha Dastur tasdiqlandi. Dastur 22 ta banddan iborat bo‘lib, jumladan, brifing, matbuot anjumani va davra suhbatlari, turli tanlov va taqdimotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, ekspertlar muloqoti va ilmiy-amaliy konferensiyalarni o‘zida jamlagan.

Inson huquqlari haftaligi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tadi.