“O‘zbekneftgaz“ “zapravkalari“dagi yoqilg‘i narxini pasaytirdi

“O‘zbekneftgaz“ AJ UNG milliy brendi ostidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-92 markali benzin va Yevropa standartlariga javob beruvchi dizel yoqilg‘isi sotuvini yo‘lga qo‘yganligi haqida avval xabar berilgan edi.

Ayni paytda poytaxt va Toshkent viloyatida, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Guliston, Jizzax, Samarqand va Qarshi shaharlaridagi 45 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yuqori sifatli neft mahsulotlarining sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

1 martdan boshlab ushbu AYoQShlardagi dizel yoqilg‘isining narxi 7500 so‘mdan 7300 so‘mga pasaytirildi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.

— Odatda, narx talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat nuqtasida belgilanadi, — deydi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Petro” MChJ direktori Mirzohid Musayev. — Mahsulot narxini pasaytirish talabni oshiradi va taklifni kamaytiradi. Bundan tashqari iste’molchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, birjada dizel yoqilg‘isini sotib olish xarajatlari kamaygani munosabati bilan dizel yoqilg‘isining narxi kamaytirildi. Bu bilan ushbu mahsulotni sotish hajmini oshirishga erishamiz.

Narxlar masalasida shuni ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotiladigan dizel yoqilg‘isining narxi xorijiy kompaniyalar tomonidan sotiladigan dizel yoqilg‘isi narxidan 9%, AI-92 markali benzin narxidan esa 14% arzondir.

Korxona yaqin kunlarda yuqori sifatli Ai-95 markali benzinni aholiga sotishni rejalashtirmoqda.

“AYoQShlarda sotilayotgan mahsulot turlari, ularning narxlari hamda joylashgan manzillari haqida to‘liq va aniq ma’lumotlarni @UNG_Petro_Bot telegram kanali orqali olishingiz mumkin“ deyiladi xabarda.