O‘zbekning ovoziga e’tirof bu

Paxtachilik shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘lmas Samarqandiyning BMTga yozgan "Tinchitib ber bizga dunyoni" she’rini ishtiyoq va harorat bilan tingladim va  o‘qidim.

O‘ylaymanki, bu o‘z vaqtida yozilgan. Buni bemalol ijodkorning ma’naviy jasorati, deb baholasak bo‘ladi. Negaki, BMT qonuniy jihatdan qarasak, aslida mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolarning oldini olish, mabodo bunday hol yuzaga kelsa, a’zo davlatlar ishtirokida ularni bartaraf etish uchun tashkil etilgan. Ming afsuski, hozirgi  paytda bu katta tashkilotning salohiyati yetarli darajada sezilmayapti.

Bundan ancha yillar avval O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidovning "Inson o‘zing" nomli she’rining bir necha tillarda kuylanishi xalqaro jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan. Chunki ulug‘ shoirimiz ushbu she’rida hazrati inson qalbini baland ruhda vasf etgan. Ming afsuski, biz Erkin akaning bu she’rini o‘z vaqtida ingliz tiliga o‘girib, jahon sahnasiga olib chiqmadik. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovda ham shu ruhdagi she’rlar bor.

Tinchlikni istash, barqaror tinchlikni saqlash, uning qadriga yetish azal-azaldan xalqimizda eng savob ish sanalgan. Xususan, Sohibqiron Amir Temur bobomiz o‘z tasarrufidagi mamlakatlarda ana shu tinchlikni saqlay olgan. Shu sababli ham o‘sha davrda Mavorounnahrda ma’naviyat va ma’rifat rivojlangan.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari ham xalqaro maydonda tinchlikparvar Prezident sifatida e’tirof etilmoqda. Buni biz turli davlatlarda bo‘layotgan nufuzli xalqaro anjumanlarda ko‘rib, eshitib turibmiz. Ayniqsa, Samarqandning hozirgi davrda juda ko‘p xalqaro masalalar, muammolar muhokama etiladigan maskan bo‘layotganligi ham O‘zbekiston tashqi siyosatining obro‘sini ko‘rsatib turibdi.

Prezidentimizning BMT minbarida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi xalqimizga g‘urur berish barobarida, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat, e’tibori oshgandi. Agar mana shu she’r ham BMT minbaridan yangrasa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

O‘lmas Samarqandiyning bu she’ri o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Bu - O‘zbekiston ovozi, bu - o‘zbek xalqining ovozi.

Darvoqe, har bir ijodkor ham BMTga bunday she’riy talab bilan chiqa olmaydi. Asar mazmunida zamonaning bugungi halokatli holatlari mahorat bilan ochib berilgan. Ijtimoiy tarmoqda bu she’rga juda ko‘p va juda xo‘p munosabatlar bildirildi. Nazarimda, bu holatga befarq turmasligimiz kerak. Toki, har bir ijodkor, har bir ziyoli jahon ommasiga O‘zbekiston xalqining qalb nidosini yetkazishni sharaf deb bilsin.

Eng avvalo, bu she’rni turli tillarga, xususan, ingliz tiliga  tarjima qilib, xalqaro tashkilotlarga, birinchi navbatda, BMTga yuborish kerak. Chunki bu tinchlik va taraqqiyot sari yo‘l tutgan millatning ovozi, muddaosi. Davlatimiz rahbarining umummilliy takliflari kabi xalqimizning ovozini ham butun dunyo eshitsin!

Yaqinda shoirning ushbu she’ri Ukraina Oliy ta’lim vazirligi hamda Jahon qalamkashlari Ittifoqi tomonidan Gran-pri mukofotiga munosib ko‘rildi. O‘ylaymizki, “Tinchitib ber, bizga dunyoni” she’ri yanada yuksakroq e’tiroflar va mukofotga munosib.

Mavjuda RAJABOVA,

yuridik fanlari doktori, professor, faxriy senator.