O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma

- Ahvolim chatoq, rais bobo, - deya yuzlandi tadbirkor mahalla oqsoqoliga. - Do‘konimni yana tunab ketishibdi. O‘zingiz yordam qilib yubormasangiz bo‘lmaydi.

- Yana o‘sha do‘konda o‘g‘irlikmi? Ming marta aytdik, hoy baraka topkur, do‘koninga kuzatuv kamerasi qo‘y, deb. Faqat bir xil gap. “Ertaga shu matohni qayerdan bo‘lsayam topib kelaman”, deyishdan nariga o‘tmaysan. Qara, bugun yana mulzam bo‘lib kelib o‘tiribsan.

Ming afsuski, istaymizmi, istamaymizmi, shunga o‘xshagan voqealarni eshityapmiz, ko‘ryapmiz. Tuman misolida oladigan bo‘lsam, 2020 yil 61 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2021 yil jinoyatlar soni 123 taga yetgan. Shularning aksariyati o‘g‘irlik bilan bog‘liq. Mahallalarda ichki ishlar xodimlari bilan shuncha targ‘ibot ishlarini olib borsak-da, jinoyatlar kamaymayapti. Achinarlisi, jinoyatlarning 57 foizini yoshlar tashkil etmoqda.

Mahallalar kesimida oladigan bo‘lsak, “Taraqqiyot”, “Do‘stlik”, Alisher Navoiy nomli, “Nakurt”, “Zarafshon”, “Polvonariq” mahallalarida jinoyatlar soni oshgan. “Fidokor”, “Juvozxona”, “Istiqlol”, “Sho‘rtepa”, “Darvishiq” mahalla raislariga rahmat aytishimiz kerak. Mazkur mahallalarda ikki yildan buyon bironta jinoyat sodir etilmagan.

Maqolamiz avvalida kuzatuv kameralari haqida so‘z borgan edi. Bu haqda hozirda tadbirkorlarimiz bilan uning afzalligi xususida suhbatlar uyushtiryapmiz. Bugun 352 nafar tadbirkorimiz kuzatuv kameralari o‘rnatgan. 155 nafar tadbirkor imkoniyati bo‘la turib, kuzatuv kameralarini o‘rnatmay turibdi.

Endi o‘zingiz o‘ylang, kuzatuv kamerasi bor tadbirkorning ishi yaxshimi yoki yo‘g‘ining. Kuzatuv kamerasi bor tadbirkor xotirjam bo‘ladi. Kim kelyapti, kim ketyapti, hammasidan xabardor. Agar o‘g‘irlik yoki shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lsa, birdan topiladi-qo‘yadi. "Unga yugur, bunga yugur"larga o‘rin qolmaydi.  Demak, bunday kameralarga ehtiyoj bor. Xalqimizning "O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma", degan naqlini ham bugun hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi.

Nuriddin Qarshiyev,

Payariq tumani mahalla va oilani

qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi.