Pandemiya davrida aksiyadorlarga o‘tgan yilgidan 61 foiz ko‘p divident to‘landi
Samarqand viloyatida 2020 yil 1 oktyabr holatiga emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqaruvchi 27 ta yuridik shaxsning ustav jamg‘armalariga 113 milliard 794 million so‘mlik, 83 million 642 ming 556 dona qimmatli qog‘ozlar chiqarilgan.
Viloyatda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida 2018 yildagi sof foydasi hisobidan 2019 yil mart-iyun oylarida 16 milliard 981 million so‘m miqdorida dividend to‘lovlari hisoblangan. Joriy yil 2019 yildagi sof foyda hisobidan 2020 yilning mart-sentyabr oylarida 27 milliard 477 million so‘mlik dividend to‘lovlari hisoblangan. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, pandemiya davrida aksiyadorlarga o‘tgan yilga nisbatan 61,8 foiz ko‘p dividend to‘lovlari to‘landi.
O‘tgan davrda 4 ta aksiyadorlik jamiyatlarining ustav jamg‘armasiga qo‘shimcha ravishda 44 milliard 601 million so‘mlik aksiyalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan holda, ularning 1 608 nafar jismoniy va yuridik shaxs bo‘lgan aksiyadorlari o‘rtasida joylashtirilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019 yil 11 noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan yangi tashkil etilgan “Samarqandgeologiya” aksiyadorlik jamiyati nizom jamg‘armasiga nominal qiymati 5 000 so‘mdan bo‘lgan 51 684 824 dona 258 424 120 000 so‘mlik aksiyalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Norboy JO‘LMATOV,
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.