Partiyalar va deputatlarning saylovoldi dasturlaridan yoshlar xabardormi?
Yurtimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga oz muddat qoldi. Tarix zarvaraqlariga alohida muhrlanadigan bu jarayonlar ilgari qayd etilmagan mutlaqo yangi talablar - Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan va saylovoldi jarayonlarida ham bu mezonlarga qat’iy amal qilinmoqda.
Mamlakatimizda e’lon qilingan “20 oktyabrdan 20 noyabrgacha saylov targ‘iboti oyligi” doirasida Samarqand shahar adliya bo‘limi bilan hamkorlikda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Men saylovda faol ishtirok etaman!” mavzusidagi huquqiy-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar adliya bo‘limi boshlig‘i B.Jumaboyev tomonidan institut pedagogik jamoasi va talabalariga saylov qonunchiligi, yangi kodeks asosida saylovlarga tayyorgarlik jarayoni, Markaziy saylov komissiyasi bilan bog‘liq muhim jihatlar haqida tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Bu yilgi saylovlar “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori bilan yangi tamoyillar asosida o‘tkaziladi. Saylov kodeksining qabul qilinishi, mamlakatimizda yana bir siyosiy partiya (Ekologik partiya)ning paydo bo‘lishi va boshqa omillar bo‘lajak saylovning sifat jihatidan yangi ko‘rinishda – ochiqlik, oshkoralik tamoyillari, kuchli partiyalararo raqobat, g‘oyalar va dasturlar kurashi ostida kechishidan dalolat beradi.
Tadbirda saylov jarayonlarda yoshlar va ziyolilarning ishtiroki qanday bo‘lishi lozimligi, partiyalar va deputatlarning saylovoldi dasturlaridan xabardorligi kabi masalalar yuzasidan yoshlarning siyosiy bilimlari oshirildi.
Gulchehra BERDIYoROVA.