Past Darg‘om hokimi nega intervyu bermadi?

Viloyat teleradiokompaniyasida o‘tkazilgan bu galgi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev, sektor hamda tashkilotlar rahbarlari fuqarolardan tushgan 30 dan ortiq murojaatga ko‘rsatuv chog‘ida javob qaytardi.

Muloqot boshlangach, tumanning to‘rtta sektor rahbari o‘z sektorlari hududida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi. Shundan so‘ng, tuman mutasaddilari viloyat teleradiokompaniyasining telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda "Zarafshon" gazetasi orqali yo‘llangan savollarga javob qaytardi.

Past Darg‘om tuman aholisi asosan, uy-joy, suyultirilgan gaz balloni yetkazib berish, ichimlik va oqova suvi, yo‘l, imtiyozli kredit olish, ta’lim tizimi, davlat xizmatlari, aholi bandligini ta’minlash, tibbiy sohaga oid muammolar hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha murojaat qildi.

Sh.Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, 2019 yilda tumandagi 5 ta massivda 188 ta namunaviy uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Go‘zalkent mahallasida 96 xonadonli 4 ta ko‘pqavatli, Paxtakor mahallasi Islomobod qishlog‘ida 48 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta 4 qavatli uy quriladi. Shuningdek, Qatorterak mahallasida 14 ta  hamda  Kamolot mahallasida  6  ta  namunaviy loyihadagi 2 sotixli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Hokimning aytishicha, joriy yil yakuniga qadar, tumanda 3514 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi va 2174 nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, fuqarolarni qiynab kelayotgan yo‘l muammolariga ham qisman barham beriladi. Masalan, shu yil 41,3 milliard so‘m sarflanib, yo‘llarga asfalt yotqiziladi, qayta ta’mirdan chiqariladi.

Samarqand shahri Darg‘om mahallasida yashovchi Oqbo‘ta Xoljigitovning "Past Darg‘om tumanidagi Charxin ko‘zi ojizlar jamiyatida kanalizatsiya yo‘q. Men ham shu jamiyatning a’zosiman. Bu masalada amaliy yordam bera olasizlarmi?", deb yo‘llagan savoliga javoban tuman rahbari bu muammo uning ham muammosi ekanini aytib, tez fursatda bartaraf etishga va’da berdi.

Ko‘rsatuv davomida o‘qilmay qolgan 50 ga yaqin murojaat yuzasidan mutasaddilarga tegishliligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘rsatuvdan so‘ng an’anaga ko‘ra, tuman hokimining fikrlari bilan qiziqdik hamda gazeta va rasmiy saytimiz uchun intervyu berishini so‘radik. Biroq Shunqor Xudoyberdiyev hozir intervyu berishga holi yo‘qligini ma’lum qildi. Shu sababli Past Darg‘om tumani hokimining "Ochiq muloqot" haqidagi fikrlari sizu bizga qorong‘u.

 Abdujabbor PO‘LATOV.