Past Darg‘om tumanida shirkat raisi ko‘p qavatli uylarni o‘zi rahbarlik qilayotgan firmaga ta’mirlatgan
Ustiga-ustak ajratilgan 353,3 million so‘m pullarni o‘zlashtirib yuborgan
Mazkur holat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, “N” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi A.A. bir vaqtning o‘zida “G‘arb” kichik korxonasi rahbari lavozimida ishlagan.
Ajablanarlisi shundaki, shirkatga qarashli uylarni ta’mirlash aynan “G‘arb” kichik korxonasi va “D.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan. Biroq 647,3 million so‘mlik ishlar amalga oshirilganligi haqidagi hisob-faktura to‘lovga taqdim etilgan bo‘lsa-da, haqiqatda 293,9 million so‘mlik ishlar bajarilgan.
Ya’ni, 353,3 million so‘mlik bajarilmagan ishlar hisob-fakturaga qo‘shib yozilib, to‘lov uchun taqdim qilinganligi oqibatida juda ko‘p miqdordagi mablag‘lar rastrata yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Aniqlangan mazkur holat yuzasidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan A.A. hamda “D.T.” MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va bu ish prokuraturaga yuborilgan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi.