Past Darg‘omning olis qishlog‘ida yangi korxona ish boshladi
Tumanning Nurobod bilan chegara hududida joylashgan Yangi avlod mahallasida tikuvchilik fabrikasi ishga tushirildi. Natijada 150 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Mazkur fabrikada yiliga 4,2 milliard so‘mlik, 12 ming donadan ortiq maxsus kiyimlar va boshqa trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Asosiysi, bu mahallada ishsizlik muammosi bilan qiynalayotgan xotin-qizlarni xursand qildi.
Tikuvchilik qo‘limdan kelardi, - deydi mahallaning Usku qishlog‘ida yashovchi Fazilat Umbarova. – Yaqinlarimga milliy liboslar tikib berib turardim, ammo doimiy daromad manbaiga ega emasdim. Korxona ochilgani ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan. Oyliklari ham yaxshi ekan. Qolaversa, binoning uchinchi qavatida sport zal tashkil etilgan. Farzandlarimiz darsdan bo‘sh vaqtida ham ko‘z oldimizda shug‘ullanishadi.
Korxona atrofida qo‘shimcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Nozima Karimova,
To‘lqin Siddiqov,
Shahboz Samadov (foto+video).