Paxtachida mental arifmetika bo‘yicha olimpiada tashkil etildi
420+380+655+987. Siz bu misolning javobini shu zahotiyoq ayta olasizmi? “Bu qiyin misol-ku”, deyapsizmi? Lekin sizning to‘rt yoki besh yoshli farzandingiz bu ishni bemalol, bir necha soniya ichida uddalashi mumkin. Bu - mental arifmetika.
Paxtachi tumanida 5-14 yoshli bolajonlar o‘rtasida respublika mental arifmetika olimpiadasi tashkil etildi. Musobaqada Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan 200 nafar bola ishtirok etdi.
- Men mental arifmetika fanidan anchadan buyon bolajonlarga o‘rgatib kelaman, – deydi musobaqa tashkilotchisi M.Bahronova. – Bu fan bo‘yicha to‘garak markazini ham tashkil etganman. Yaqinda viloyat hokimi tumanimizga kelganida markazimiz faoliyati bilan qiziqdi va 5 ta zamonaviy kompyuter sovg‘a qildi. Natijada mental arifmetikaga qiziquvchi va markazimizga keluvchi o‘quvchilar soni ikki baravarga ortdi.
Ishtirokchilar musobaqada yoshlariga qarab kategoriyalarga ajratilgan holda o‘zaro bellashishdi. Ularga 16-20 daqiqa vaqt berildi. Qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda Navoiy shahridan kelgan 5 yoshli Sabrina Ilhomova o‘z kategoriyasi bo‘yicha musobaqaning oliy o‘rnini qo‘lga kiritdi.
- Men Navoiy shahridan tashrif buyurdim. Misollarni 17 daqiqada ishladim, – deydi jajji g‘olib S.Ilhomova.
Musobaqaning yana bir ishtirokchisi Qashqadaryo viloyatidan kelgan 6 yoshli Sulaymon Hayitmurodov 100 ta misolni15 daqiqa ichida ishlab, oliy o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa ishtirochilari esdalik sovg‘alari, medal, kubok hamda diplom bilan taqdirlandi.
Jamolbek Salomov.