Payariqda obodonlashtirish ishlariga qanday e’tibor berilyapti?

Har yili bahor kelishi bilan mahalla va qishloqlarimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlanadi. Yoshu-qari ariq-zovur qazish, ko‘cha va yo‘llarni tozalash, yo‘l yoqalarini obodonlashtirish, tomorqalarga ekin, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish kabi ishlarni amalga oshiradi.
Joriy yil boshidan Payariq tumanida ham bu kabi ishlar tuman hokimligining obodonlashtirish boshqarmasining 300 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilari tomonidan muntazam olib borilmoqda. Ular tomonidan shu kungacha mahallalarda qariyb 20 ming kvadrat metr maydon ko‘kalamzorlashtirildi. Tuman markazi va Chelak shaharchasidagi dov-daraxtlarga ishlov berilib, maydonchalar ko‘kalamzorlashtirildi, supurilib, chiqindilar olib chiqildi. 17500 pogona metr irrigatsiya tarmoqlari tozalandi. Tuman istirohat bog‘i hamda ko‘chalarga 100 dan ziyod gul ko‘chatlari va butalar ekildi.
- Bu yil ko‘chalarni yoritish tizimini modernizatsiyalash maqsadida serqatnov yo‘llarga 250 ta quyosh panelli tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish rejalashtirilgan, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abdulatif Bahodirov. – Tuman markazidagi Go‘zal mahallasi xududida 800 metr uzunlikda velo va piyodalar yo‘lakchasini quriladi. Markaziy istirohat bog‘i qiyofasi butunlay o‘zgartiriladi. Ayni vaqtda ishchilarimiz Samarqand, Payariq 50 yilligi, Cho‘lpon ko‘chalari hamda Xo‘ja Ismoil mahallasi hududiga 100 ming dona har xil turdagi gul ko‘chatlarini ekyapti. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida 20 ming tup manzarali va yog‘ochbop daraxt ko‘chatlari o‘tkaziladi.
Tuman hududidagi barcha - 121 ta qabristonda piyodalar yo‘laklari va avtomobil turar joylari quriladi. Obodonlashtirish boshqarmasining maxsus texnikalari uchun alohida garaj va manzarali gullar yetishtirish uchun issiqxona barpo etiladi. Shuningdek, reja asosida 100 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar shag‘allashtiriladi.
Boshqarma qoshida tashkil etilgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘limi tomonidan bugungacha Javshar ota, O‘zbekiston, Beshqo‘rg‘on, Juvozxona, O‘ymovut kabi o‘ndan ortiq mahalladagi qariyb 10 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Jumladan, “Obod qishloq” dasturi asosida Xalqobod mahallasida 2 kilometr ichki yo‘l shag‘allashtirilib, 6,5 kilometr yo‘l asfalt qilindi. Ko‘cha yoqalariga 43 dona zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Do‘stlik, Navbahor, Zarafshon, Yangiobod mahallalarida 11,4 kilometr ichki yo‘llar asfaltlashtirildi.
- Ko‘chalarimizning so‘nggi marta asfalt qilinganiga qariyb 35 yil bo‘ldi, -deydi Yangiobod mahallasida yashovchi Umar Jabborov. – Yo‘lning o‘ydim-chuqurlari qayta-qayta yamalaverib, qalinlashib ketgan edi, yog‘ingarchilik bo‘lsa, darrov ko‘lmaklar paydo bo‘ladi. Nafaqat yengil avtomobil, balki yuk mashinalari haydovchilari ham o‘tishga ikkilanadigan bo‘lib qolgandi. Nihoyat, eski qoplamalar o‘rniga yangisi to‘shalgach, yo‘limiz tekis bo‘ldi.
Obodonlashtirish ishlari tumandagi 129 ta qabristonda ham olib borilyapti. Zarafshon mahallasida joylashgan “Revoj” qabristoni binosi ta’mirlandi. Tomoyrot, Mirzo Ulug‘bek nomli hamda Boshqo‘rg‘on mahallalaridagi qabristonlar devor bilan o‘raldi. Choshtepa mahallasidagi “Azzamxon bobo” qabristonida ayvon qurilishi yakunlandi.
- Obodonlashtirish ishlaridan tumandagi boshqa korxona va tashkilotlar vakillari ham chetda qolgani yo‘q, -deydi tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Ro‘ziyev. – Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida 1 million 414 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bahorda 905 ming tup ekilishi lozim.
Tumanda 1 ta xiyobon, 2 mahallada soyali ko‘cha, 6 mahallada mevali bog‘, 12 ta mahallada esa daraxtzorlar tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda ishlar boshlangan. Tumandagi 19 ta sanoat korxonasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilib, korxona hududlarida “yashil belbog‘” barpo etilmoqda. Alisher Navoiy nomli va Xalqobod mahallalarida mahalla bog‘lari yaratish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
- Bu yil suv yetkazib berish yoki suv chiqarish imkoni bo‘lgan maydonlargagina ko‘chat ekishga qaror qilindi, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Nurali Odilov. - Tumanda tashkil etilgan ekish ishlarini muvofiqlashtiruvchi hududiy shtab vakillari xulosasiga ko‘ra, qulay maydonlar tanlanmoqda. Do‘stlik mahallasida bo‘sh yotgan 3 gektar maydonda hokimlik bog‘i tashkil etilmoqda. Sug‘orish tarmog‘i tortish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning daraxt ko‘chatlari ekilgach, o‘z vaqtida tagini yumshatish, o‘g‘itlash, begona o‘tlardan tozalash, kasalliklariga qarshi kurashish va eng muhimi, sug‘orish ishlari tashkil etiladi, degan gaplariga ishongimiz keladi. Yanayam buni vaqt ko‘rsatadi.
Dilmurod To‘xtayev.