Pilolda gaz mojarosi yoxud muammoga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan tuman gaz ta’minoti idorasining beparvo xodimlari xususida
Tahririyatimizga o‘tgan yilning dekabr oyida Oqdaryo tumanidagi Oytamg‘ali mahallasi Pilol qishlog‘ida istiqomat qiluvchi J.Majidov shikoyat xati yo‘llab, ayrim xonadonlarga o‘rnatilgan gaz so‘rg‘ichlar tufayli aholi uylari tabiiy gaz bilan isitilmayotgani, noqonuniy o‘rnatilgan so‘rg‘ichlarni tartibga olish bilan hech kim shug‘ullanmayotgani haqida murojaat qilgandi.
Shikoyat xatida tumangaz idorasi mutasaddilari aybi bilan aholidan yig‘ilgan pullarni davlat xazinasiga topshirmaslik, tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, ma’lum miqdordagi «choychaqa» evaziga o‘sha qishloqqa gazni ko‘paytirib berilayotgani, shuningdek, gaz quvurlariga gaz o‘tishni kamaytirib beradigan «tiqin» qo‘yilayotgani ta’kidlab o‘tilgan.
Tumandagi 5-tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi xodimlarining loqaydligi tufayli ko‘p joylarda gaz quvurlari teshilib, gaz chiqib yotibdi. Qishloq maktabi yonidan o‘tgan gaz quvuri chirigani haqida xabar berilganiga qaramay tumangaz idorasi biror chora ko‘rmagach, aholi pul yig‘ib o‘zlari ta’mirlashga majbur bo‘lishdi. Shuningdek, ayrim fuqarolar gaz so‘rg‘ichlar o‘rnatib olishgan. Ba’zilari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori bosimli gaz quvuriga ulanib olgan, deyiladi murojaatda.
Jumladan, bir fuqaro gaz quvuri ustiga savdo do‘koni qurib olgan. Aynan o‘sha quvurda tabiiy gazni kamaytirib beruvchi “tiqin” o‘rnatilgan. Shu sabab o‘n yildan beri qishlog‘imiz xonadonlari tabiiy gazga yolchimay keladi. Prezident virtual qabulxonasiga qilingan murojaatdan keyingina tumangaz xodimlari muammoni hal etib berishdi. Afsuski, o‘sha kuni baribir xonadonlarda gaz yonmadi. Surishtirsak, tumangaz idorasi mas’ullari qishlog‘imizga keladigan gaz quvurdan Yangiqo‘rg‘on mahallasiga gaz ulab berishi oqibatida bosimi battar kamayib ketdi. Kamiga qishloq maktabi binolari ham gaz so‘rg‘ichlari yordamida isitilmoqda. Bu holat Pilol qishlog‘i aholisida tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.
J.Majidov,
jurnalist, mehnat faxriysi.
***
P/S. Ushbu murojaat tahririyatimizga kelib tushgach, masalaga oydinlik kiritish uchun “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali mutasaddilariga e’tiboriga havola qilingan edi. Masala korxona mutaxassislari tomonidan murojaatchi ishtirokida joyida o‘rganilib, tumangaz idorasi mutaxassislari tomonidan yo‘l-qo‘yilgan xato va kamchiliklar bartaraf etilgani xabar qilindi. J.Majidovning xonadoniga ulangan tabiiy gaz tarmoqlari tozalanib, gaz o‘tkazish darajasi oshirilgan. Shuningdek, Pilol va Chim qishloqlarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi tarmoqqa o‘rnatilgan yashirin “tiqin”lar olib tashlanadigan bo‘ldi. O‘rganish natijalari bo‘yicha murojaatchidan ham bildirish xati olingan.