Ko‘priksiz kanallar, yo‘lsozlardan chala ish, tuproq bilan to‘ldirilayotgan “yama”lar

Hozir aytmoqchi bo‘lgan muammolar birgina Oqdaryo tumanining Pilol qishlog‘idagi holatlar.

Qishloqda joylashgan 7-umumta’lim maktabida mahalliy o‘quvchilardan tashqari Ishtixon tumani bilan chegarada joylashgan Chigirtkali va To‘g‘ay qishloqlari aholisining 35 nafarga yaqin farzandlari ham kelib o‘qishadi.

Ularni bir muammo qiynab keladi. Bu - maktab yo‘lidagi ikkita kanalga qo‘yilgan qo‘lbola ko‘priklardir.

Yaqinda o‘quvchi bola bilan fojia yuz berdi. U maktabga borayotib, Pilol qishlog‘iga kirishda o‘tgan kanalning ko‘prigidan pastga yiqilib tushdi. Shundan so‘ng to‘g‘ayliklar bolalarini maktabga yuborishga qo‘rqib qolishdi. Ushbu muammoni ko‘tarib, bir necha bor ikkala tuman rahbarlariga murojaat qildik. Ammo e’tibor qaratilmadi. To‘g‘ay qishlog‘i yonidan ham yana bitta kanal oqib o‘tadi. Unga ham kichikroq bo‘lsa-da, ko‘prik qurib berilsa, o‘quvchilarning qatnashlariga qulay bo‘lar edi.

***

Qishlog‘imizni ichidan Oytamg‘ali mahallasiga qadar 2 kilometrlik ichki yo‘lning asfalt qilinganiga 30 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, biror marta ta’mirlanganini eslay olmayman. Hamqishloqlarimiz bilan ushbu yo‘lni ta’mirdan chiqarishlarini so‘rab, tuman hokimiga bir necha bor murojaat qildik. Nihoyat, o‘tgan yili viloyat hokimiga qilgan murojaatimizdan so‘ng tuman yo‘l qurilishi korxonasi ishchilari kelib, ta’mirlash ishlarini boshlaganida rosa xursand bo‘lgan edik. Biroq ko‘chaning 1 kilometri asfalt qilingach, ajratilgan mablag‘ tugadi, degan vaj bilan ishlar to‘xtab qoldi. Qo‘shni mahallagacha bo‘lgan yo‘lning ming metr masofadagi qismini tugatishlarini so‘rab qilgan murojaatlarimiz besamar ketdi. Hozirda asfalt qilingan 1 kilometrlik yo‘l sifatsiz amalga oshirilgan ekan shekilli, uydim-chuqur bo‘lib boryapti.

***

Yaqinda yo‘lsozlarning M-39 avtomagistral yo‘lining qishlog‘imizdan o‘tgan hududida yo‘lning o‘ydim-chuqurlarini tuproq bilan to‘ldirayotganini ko‘rib, hayron qoldik. “Kunlar isib ketgach, asfalt bilan yamaymiz, yog‘ingarchilik paytlarda esa shunaqa usul qo‘llamasak bo‘lmaydi”, deyishdi.

Ular yog‘ingarchilik paytida yuk mashinalari chuqurdagi tuproqni yana chiqarib tashlashini bilmaydimi? Shuningdek, yo‘lovchilarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi “Oq yo‘l!”, “Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin!” kabi yozuvlar yo‘qolib ketdi. Magistral yo‘l yoqasida joylashgan ayrim mahallalarga kirishdagi yo‘l ko‘rsatkichlar, reklama taxtalari turlicha harflarda, nostandart, qing‘ir-qiyshiq yozuvlar bilan yozilganiga nima deysiz?

Jamil Majidov.