PISA dasturi rahbari Andreas Shlyayxer: Zamonaviy texnologiya o‘qituvchining o‘rnini bosmaydi

Ta’lim sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish va izlanishlarda O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish hamda o‘quvchilarni baholash xalqaro dasturi –  PISA bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida yurtimizga kelgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyayxer Samarqandda bo‘ldi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida ta’lim sifati va o‘qituvchilar maqomini oshirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Andreas Shlyayxer tashkilotning 60 yillik tajribasi, dunyo mamlakatlarida uzoq yillar davomida olib borilgan tahlillari asosida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar maqomini ko‘tarish, o‘quvchilarning hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirishda pedagoglarning roli haqida ma’ruza qildi.

Yurtingiz ilk marotaba PISA bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etayotgani quvonarli, - deydi Andreas Shlyayxer. – Tadqiqotning ahamiyati shundaki, jarayonlar natija e’lon qilinishi bilan to‘xtab qolmaydi. Shu asosda sohani takomillashtirish bilan bog‘liq xulosalar qilish, zarur islohotlarni amalga oshirish juda muhim. Har qanday zamonaviy texnologiya o‘qituvchining o‘rnini bosa olmaydi. Lekin o‘qituvchi zamonaviy texnologiyadan unumli foydalangan holda o‘quvchiga bilim berishi zarur. Rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimi muvaffaqiyatlarining siri o‘qituvchilarning vaqtini ijtimoiy o‘zaro munosabatlarga sarflashi, ya’ni o‘quvchilarning ota-onasi bilan muloqot qilib ishlashi hamda ta’lim jarayonlarida har bir o‘quvchiga individual yondashib, ularni chuqur fikrlashga o‘rgatishida.

Seminar davomida xalqaro ekspert ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Shundan so‘ng Andreas Shlyayxer Samarqand shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi va o‘quv jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Ma’lumot uchun, mamlakatimiz 2022 yilda ilk marotaba PISA bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan ushbu tadqiqotda 90 ga yaqin davlatlar qatnashadi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.