Piyodalar yo‘laklari va sport maydonchalari nega e’tibordan chetda qolyapti?

Piyodalar va velosiped yo‘laklari faqatgina xavfsiz harakatlanishni ta’minlash uchun emas, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zamonaviy shaharsozlikni rivojlantirish va tirbandlikni kamaytirish maqsadida tashkil etilgan. Biroq amalda yo‘laklardan boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda.

Xususan, Samarqand shahrining Buyuk ipak yo‘li hamda Sartepadagi Turkiston ko‘chalari yoqasidagi piyodalar yo‘laklaridan avtoturargoh sifatida foydalanilyapti, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan noqonuniy savdo va xizmat ko‘rsatish uchun egallab olingan. 

Bundan tashqari, mazkur yo‘laklar yaqinida boshlangan obodonlashtirish ishlari yakuniga yetmagan, ariqlar chiqindi bilan to‘lgan. Bu holat faqat yo‘l harakati xavfsizligiga emas, balki sanitariya va ekologik holatning yomonlashishiga, aholining turmush sifati va shahar muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shahardagi ko‘p qavatli uylar hududida joylashgan sport va bolalar maydonchalarining holati ham qoniqarli emas.

Kuzatuvlarimiz davomida mazkur maydonchalarda shug‘ullanayotgan yoshlar yoki vaqtini mazmunli o‘tkazayotgan bolalarni uchratmadik. Chunki aksariyat maydonchalarning hududi qazilgan, jihozlar chang bilan qoplangan, tuproq uyumlari yig‘ilib qolgan.

Mirzo Bedil mahallasi yoshlar yetakchisi Abdulaziz Eshmatovning ma’lum qilishicha, mahallada beshta sog‘lomlashtirish maydonchasi mavjud bo‘lib, ularning xavfsizligi boshqaruv servis kompaniyalari zimmasida. Ammo ushbu maydonchalardan boshqa mahallalar yoshlari ham foydalangani bois ayrim jihozlar ta’mirtalab holatga kelgan. 

Hozirda shaharda issiqlik va ichimlik suvi tizimini yaxshilash maqsadida amaliy ishlar boshlangan va sport maydonchalari hududida ham tarmoq tortilmoqda. Shu bois ayrim jihozlar vaqtincha olib qo‘yilgan bo‘lib, loyiha yakuniga yetgach, ular qayta o‘rnatilishi va maydonlar ta’mirlanishi rejalashtirilgan.

Xuddi shunday holat Sartepa massividagi ko‘p qavatli uylar hududida ham kuzatildi. 

– Mahallada 4600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, - deydi Hofiz Sheroziy mahallasi raisi Zafar Sunnatov. – Hududda uchta sport va sakkizta bolalar maydonchasi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati 1980 yil o‘rtalarda qurilgan. Jihozlar eskirgan va ta’mirga muhtoj. Issiqlik tizimini yangilash loyihasi doirasida bu maydonlar hududidan qazish ishlari o‘tkazilmoqda. Quruvchi tashkilot ishlar yakunlangandan so‘ng maydonlarni obodonlashtirishni va’da qilgan.

Issiqlik tizimining yangilanayotgani yaxshi, albatta. Ammo bu ishlar qancha paytda tugashi, sport va bolalar maydonchalari qachon ta’mirlanishi bo‘yicha hech kim tayinli gap aytmadi. Xo‘sh, bu borada mas’ullar nima deydi?

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.