“Pobeda” avtomobillari Samarqandga nega yetib kelolmadi?

Bugun Samarqandga media-ekspeditsiya ishtirokchilari rejalashtirilgan muddatdan avval yetib kelishdi. Biroq mashinalarsiz.

Kecha 5 ta “Pobeda” va 2 ta “Patriot” avtomobillarida 15 nafar jahongashta rossiyaliklar Toshkent shahrida kutib olingan edi.

Jamoa a’zolari bugun Samarqandga kelib, Hazrati Xizr majmuasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini tomosha qildi. So‘ngra Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan insonlar yod etildi. Rossiyalik mehmonlar bu yerda samarqandlik urush faxriylari, yoshlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Yoshi 90 dan oshgan Yevgeniy Soldatov va Mixail Kolmogorov mehmonlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning savollariga javob berishdi.

Shundan so‘ng mehmonlar Samarqanddagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi.

- Biz 2018 yilgi ekspeditsiyamizni Ikkinchi jahon urushida front ortida mehnat qilganlarga bag‘ishladik, - deydi Yugra Dumasi qoshidagi Yoshlar parlamenti a’zosi Anna Gribincha. – Biz ularga hurmat bajo keltirishni maqsad qildik.

Media-ekspeditsiya tashkilotchilarining ta’kidlashicha, avtomobillarning Samarqandgacha yetib kela olmaganining sababi issiq ob-havodir. Mashinalar bunday sharoitda tez qizib, dvigatellari ishdan chiqishi mumkin ekan.

Rejaga ko‘ra, media-ekspeditsiya 9 mayda Nijnevartovskgacha yetib borishi lozim. 

Ushbu tadbir Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Dumasi qoshidagi Yoshlar parlamenti tomonidan tashkillashtirilgan.

Mashinalar Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston shaharlaridan o‘tib Toshkentgacha yetib kelgan.

Zamira BOLTAYeVA (foto)