Poliomiyelit O‘zbekistonga ham xavf solishi mumkinmi?
Qo‘shni mamlakatda tarqalayotgan o‘tkir yuqumli virus O‘zbekistonga ham kirib kelishi mumkinmi? Mamlakatimizda buning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom Tursunova javob berdi.
- Mamlakatimizda milliy emlash kalendariga 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar kiritilgan bo‘lib, poliomiyelit ham shulardan biri hisoblanadi.
Ayni paytda yurtimizda poliomiyelitga qarshi aralash immunizatsiya, ya’ni tomchi orqali hamda in’yeksion usulda amalga oshiriladi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va yetti yoshida qo‘llaniladi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham in’yeksion tarzda emlanadi.
Poliomiyelitga qarshi aholi vakillari 5 marta emlanishi hamda vaksinatsiyada aralash usuldan foydalanishilishi xavfsizlikni yanada oshiradi.
- Poliomiyelit kasalligi bizga kirib kelmasligi uchun qanday ehtiyot choralari ko‘rilyapti?
- O‘zbekistonda bu kasallik tarqalishining oldini olish uchun doimiy ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, qo‘shni davlat bilan chegara hududlardan kirib kelayotgan fuqarolarda poliomiyelit kasalligi alomatlari borligini aniqlash chora-tadbirlari to‘liq ko‘rilgan.
Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mutasaddilarimiz tomonidan O‘zbekistondagi barqaror vaziyatni monitoring qilish hamda poliomiyelit kasalligini oldini olishda hamkorlikda amaliy ishlar olib borish bo‘yicha taklif kiritildi.
Shuningdek, poliomiyelit kasalligi bilan simptomlari bir xil bo‘lgan o‘tkir bo‘shashgan shol kasalligiga chalingan bemorlar qayta laborator tahlillardan o‘tkazilmoqda.