JSST: Dunyoda vabo epidemiyasi yana avj olmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotda dunyo bo‘ylab vabo epidemiyasining tarqalish xavfi yuqori, deb baholandi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili sayyoramizda ushbu kasallikni yuqtirgan 709 mingga yaqin bemor ro‘yxatga olingan. Ulardan 4,3 ming nafari xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Eng yomoni, hali yoz mavsumi yaqinlashmay turib, yana o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilmoqda.

Xususan, joriy yil yanvar oyida 17 mamlakatda qariyb 41 ming kishiga vabo tashxisi qo‘yildi. Bemorlardan 775 nafari xastalik qurboniga aylandi.

Yangi epidemiya o‘choqlari Afrika, Sharqiy O‘rta yer dengizi, Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalarida aniqlangan. Ayniqsa, Zambiya va Zimbabve mamlakatlarida o‘sish sur’atlari yuqori bo‘ldi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSST mazkur davlatlarni zarur dori-darmon va vaksinalar hamda boshqa tibbiy resurslar bilan ta’minlash choralari ko‘rmoqda.