Polvon faqat “zot” uchun maydonga chiqmaydi - or talashadi, g‘urur talashadi

“Katta zot (solim) aytaman! Eshitmadim demanglar! G‘irromlik qilmanglar! Ip solmaysan, bir-biringga qamchi urmaysan. Yakkalatib, ko‘rsatib, halollab zotni olasan”.

Bakovulning bu gaplari chavandozlaru tomoshabinlarni yanada sergak torttirdi. Keyin esa otlarning suvluq tishlab kishnashlari, uzangilarning bir-biriga shaqirlab urilishi, qamchilarning havoda aylanishi, chavandozlarning “Uloq yerdan ko‘tarildi, taqimga bos, ustiga ot haydama” deb qichqirishlari keng dashtni tutdi.

Past darg‘omliklarning bu yil hosil mo‘l bo‘lganidan xursandligini ko‘rib, ona tabiat ham “kelgusi yilgi hosiling bundan-da, mo‘l bo‘lsin” deganday, oppoq qorini ot chopayotgan polvonlar, tomoshabinlar ustiga sochdi.

Polvonda, zot talashadi, or, g‘urur talashadi. Qor yog‘di deb uloqni yerda qoldirmaydi...

Past Darg‘om tumanida yangi ochilgan “Otchopar” maydonida tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan uloq-ko‘pkarida ana shunday so‘zlar yangradi.

 

Unda polvonning zo‘ri, otning uchquri zotni qo‘lga kiritdi. Uloqni taqimga bosib kelgan polvonning har biri kamida yarim million, yuqorisi 5 million so‘mlik sovringa ega chiqdi. O‘yin davomida polvonlar ellikdan ziyod shunday sovrinlar uchun ot surdi. Doshqozonlarda osh tayyorlanib, halqqa tarqatildi.

Olim SONNIBOYeV.