Orif polvon “Pantera” yordamida Chevrolet Lacetti oldi
Bugun – 17 mart kuni Jomboy tumanida Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamkorligida xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkazildi.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizning turli hududlaridan, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston davlatlaridan chavandozlar, ot sporti federatsiyalari mas’ullari ishtirok etdi.
Musobaqada eng epchil, chaqqon chavandoz va polvonlar 60 dan ortiq tuya, toy, tana, 50 ga yaqin televizor, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, yana ko‘plab gilam va pul mukofotlarini qo‘lga kiritdi.
Viloyat hokimligi tomonidan qo‘yilgan bosh sovrin – Chevrolet Lacetti avtomobili jizzaxlik polvon Orif Shodiyorovga nasib etdi. U payariqlik Elyor Boymatovning “Panterra” laqabli qorabayir otida ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.
Avtomashina kalitini chavandozga Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov topshirdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston chavandozlari o‘rtasida musobaqa o‘tkazilib, unda 3:2 hisobida yurtimiz polvonlari g‘olib bo‘ldi.