Pomidor kuyasidan qanday qutulish mumkin

Pomidor kuyasi  ochiq dalalarda pomidorning butun o‘sish davrida, ayniqsa, parvarishlash agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan maydonlarda o‘simliklarning o‘sish nuqtasidagi kurtagi, shuningdek, barglari, poyalari va mevalari, ayrim hollarda poyaning ildiz bo‘g‘zilarini zararlaydi. Xosilni 100 foizgacha nobud qilishi mumkin.

Uzunligi 5-7 mm, qanot yozganida 8-10 mm, tusi qo‘ng‘ir yoki kumushsimon, old qanotlarida xarakterli qora dog‘lari bor, mo‘ylovlari ipsimon. Urg‘ochisi tuxumlarini alohida-alohida yoki guruhlab, 250-300 tagacha tuxum qo‘yadi va yil davomida 10-12 tagacha avlod beradi. 

O‘simlikka kuyaning asosan lichinkalari zarar keltirib, u bargning ichki qismiga kirib olib oziqlanadi va ikki hafta davomida yashab katta zarar keltiradi.

Ushbu zararkunandaga qarshi kurashishning birinchi sharti – pomidor ekilgan maydonlarda ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklarni yonma-yon ekmaslikdir. Qolaversa, sabzavotlar ekilgan maydonlarda feromon tutqichlar yordamida nazorat olib borish hamda kimyoviy preparatlar bilan ularga ishlov berish tavsiya qilinadi.