Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Portalga yozaman!”. “Xalq qabulxonasiga ustingdan arz qilaman!”

Gohida hazil, gohida zarda bilan aytilgan bunday gaplar aslida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar nechog‘lik samara berayotganini ko‘rsatib turibdi.

Chunki uzoqmas, 5-10 yilning nari-berisida dardingni Xudoga aytishdan boshqa iloj yo‘q edi. Sababi, biror muammoni qaysi bir idoraga aytmang, “ko‘rib chiqamiz”dan nariga o‘tilmasdi. Ayni shu sababli davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda bevosita Prezident Administratsiyasiga bo‘ysunuvchi mustaqil institut – Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Murojaatlar yil sayin ortmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Xalq qabulxonalariga joriy yilning olti oyida yuridik va jismoniy shaxslarning 13 ming 486 ta murojaati qabul qilingan. Ya’ni, murojaatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 ming 447 taga ko‘paygan.

- Murojaatlarning 1652 tasi yuzasidan Xalq qabulxonasi xodimlari tomonidan tegishli tartibda huquqiy maslahatlar berilgan, - deydi viloyat Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev. - 12 ming 244 tasi esa mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan.

Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha 8 ming 274 ta (59 foiz) murojaat qanoatlantirilgan. Ya’ni, ko‘tarilgan 3 ming 911 ta masala ijobiy yechimini topgan bo‘lsa, 4 ming 378 ta murojaat huquqiy maslahat berish orqali hal qilingan.

O‘z navbatida, murojaatlarning 160 tasi rad etilib, 4011 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 61 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Eng ko‘p murojaat qaysi sohada?

Qayd etilishicha, murojaatlarning aksariyati gaz, elektr va suv ta’minoti bo‘yicha kelib tushmoqda. Joriy yilning dastlabki yarmida Xalq qabulxonalariga kommunal xizmat ko‘rsatish sohalariga oid 1434 ta murojaat bo‘lgan.

Moddiy yordam olish bo‘yicha 1197 ta, bandlik masalasida 1165 ta, uy-joy va yer bilan ta’minlash to‘g‘risida 777 ta, pensiya va nafaqa tayinlashga oid 710 ta, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha 630 ta murojaat ijroga qaratilgan. Bundan tashqari, aliment pullarini undirish so‘ralgan 963 ta murojaat qayd qilingan.

Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz qayd etganidek, odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida, to‘liq hokimlik kuchi bilan hal qilish mumkin.