Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Premera: Oygulning qaltis qadami barchamizga saboq

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri 27 mart - Xalqaro teatr kunida tomoshabinlarga ajoyib tuhfa tayyorladi. Teatrning mahoratli aktyorlari taniqli ijodkor Farmon Toshev qalamiga mansub, rejissyor G‘ofur Mardonov tomonidan sahnalashtirilgan “Qaltis qadam” spektakli premerasini namoyish etdi.

Spektakl Suriyaga ketgan yurtdoshimizning achchiq qismati haqida so‘zlaydi. Asarni tomosha qilar ekansiz, qahramonning hayot sinovlariga bardoshi, mehrga tashna qalbning aldovlarga ishongani, unga berilmagan e’tibordan aziyat chekkani adashishga boshlagan sabablardan bo‘lganiga guvoh bo‘lasiz. Uning iztiroblari hech kimni befarq qoldirmaydi. Tomoshaga kelgan kishi yo‘qki, Oygulning qismatidan ko‘ziga yosh olmagan bo‘lsa, Suriyadagi dahshatlardan nafratlanmagan bo‘lsa. 

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida ko‘plab hamyurtlarimiz - ayollar va bolalar Vataniga qaytarildi. Ular orasida asar qahramoni ham bor.

 Bolalikdan erta ayrilgan Oygul

Kechagina qo‘lida qo‘g‘irchoq o‘ynab  o‘tirgan qiz boshiga onasining bevaqt vafoti ko‘plab sinovlarni ro‘para qildi. Otaning boshqa xotinga o‘ylanishi hamda uni erta turmushga berishi Oygulning osmon qadar orzularidan mosuvo etdi. U o‘qimoqchi edi. U jamiyatda kerakli inson bo‘lmoqchi edi. 

Taqdirni qarangki, turmushga chiqib ham ro‘shnolik ko‘rmadi. 5 yil farzandli bo‘lmagach, eri ham uni uydan haydadi. Shu davr mobaynida biror marta shirin so‘z eshitmagan Oygul erining dashnomlariga, haqoratlariga, janjallariga chiday olmay ota uyiga qaytib keldi. Biroq bu yerda ham unga joy yo‘qligini bilgach, hayotning achchiq sinovlariga dosh berish qanchalik qiyinligini his etdi.

Uning yuragidan otilib chiqqan nido, bag‘ritosh o‘gay onani ham, bemehr otani ham erita olmadi. Bu yerda najot yo‘qligini bilgach, akalarining oldiga - Rossiyaga ketadi. U yerda Ismatilla ismli kishi bilan turmush quradi. Mehrga tashna qalb endi uning taftidan isiyotgan bir paytda turmush o‘rtog‘i uni aldab Suriyaga olib kelganini payqaydi. Bu yerdagi dahshatlar, urush, doimiy daydi o‘qdan bekinish, ertaga yashashi ham gumon bo‘lgan kishilar hayoti Oygulni butkul hayotdan sovitadi. Yashashga bo‘lgan ishtiyoq qolmaydi. Shunday vaqtda davlatimiz tomonidan adashgan fuqarolarni urush domidan olib kelinishi, ular orasida Oygulning ham borligi, yurt sog‘inchi, yurtdoshlarimizning mehri uni yana qayta hayotga qaytardi. Yashashga ishonch uyg‘otdi.

Itoatkorlik, mehrga tashnalik qahramonimning adashishiga sabab bo‘ldi

Spektaklda bosh qahramon Oygul obrazi yosh aktrisa, Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Munisa Aminova tomonidan ijro etildi. Aktrisaning debyut ijrosi bo‘lishiga qaramay, Oygulning hayajonlarini, taqdirning achchiq qismatiga bardoshini, itoatkorligini, mehrga tashnaligini va aldanganiga qarshi qahrini tomoshabinlarga yetkaza oldi. 

- Rejissyor dastlab qo‘limga ssenariyni berganida, to‘g‘risi, qahramonimning iztiroblarini, dardini, ichki kechinmalarini tomoshabinga yetkazib bera olamanmi, degan hadik bor edi, - deydi Munisa Aminova. – Ammo G‘ofur Mardonovning talabchanligi, ustozlarimning yaqindan ko‘magi bilan Oygulning hissiyotlarini sahnada ko‘rsata oldim. Qahramonim e’tibordan chetda qolganligi, mehrga ishonib aldanganligi, ruhiy holati barchani birdek larzaga soladi.  Spektaklda Suriyadagi sahnalarni ijro etar ekanman, yurtimizning tinchligiga ming bor shukur qildim. Oygulning qo‘rquvini o‘zimda his qildim.

Dekoratsiyalarda spektaklning yechimi yashirin 

Sahna dekoratsiyalari asardagi voqealardan so‘zlaydi. Teatr rassomining mahorati, asarning mohiyati, rejissyorning g‘oyalari dekoratsiyalarda ifodalanganida ko‘rish mumkin. Yosh rassom Ilhom Rustamov sahna dekoratsiyalarida tinch-osuda osmonni, Suriyadagi dahshatlarni ko‘rsata oldi. Mo‘’jazgina hovlida Oygulning qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirishi, uning erta bolaligidan ajralishini ifodalasa, asar yakunida uni qo‘g‘irchoqqa talpinishi hayotga bo‘lgan qiziqishining uyg‘onishidan dalolat. Rejissyor va rassom hamkorlikda bunday detallarni ko‘zdan qochirmagani tomoshabinga ko‘proq voqelikni yetkazdi.

- “Qaltis qadam” spektakli hayotiy voqelik asosida sahnalashtirilgani bilan ham ahamiyatli, - deydi rejissyor G‘ofur Mardonov. – Agar tomoshabin qalbida qo‘rquv, nafrat uyg‘ongan, ayrim sahnalardan jirkangan bo‘lsa, demak, jamoamiz yutuqga erishdi. Sababi, bu kabi asarni ko‘rib, biz xulosa qilishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlarimiz uchun, internet tarmog‘iga qaram bo‘layotgan yurtdoshlarimiz, bilib-bilmay turli oqimlarga kirib qolayotganlar uchun mazkur spektakl ayni muddao bo‘ldi. 

Spektaklni tomosha qilishga kelgan kishi borki, Oygulning murakkab hayot yo‘lidan xulosa qildi. Uning achchiq qismatidan kuyindi. O‘ziga kerakli xulosani oldi. Tomosha so‘nggidagi davomli qarsaklar, yurtiga qaytgan Oygulni ko‘rgan tomoshabin nigohidagi quvonch aktyorning mahoratiga berilgan bahodir.

***

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri badiiy rahbarining ma’lumot berishicha, mazkur spektakl mahalliy yozuvchilar bilan hamkorlikda ishlangan ilk tomosha. Bu yil teatr jamoasi karantin bo‘lishiga qaramay 6 ta spektakl sahnalashtirib, respublikadagi eng faol teatr nomiga sazovor bo‘ldi. Teatr badiiy rahbari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Demak, teatrda tomoshabinlar nigohi bor, aktyorlarning shijoati bor. Bu esa yangi, mazmunli asarlar yaralishiga zamin yaratadi.

Nasiba Jonto‘rayeva.