G‘azo sektoridagi vaziyat keskinlashmoqda: ommaviy evakuatsiya va diplomatik inqiroz

2025 yil 14 sentyabr holatiga ko‘ra, G‘azo sektoridan taxminan 300 ming fuqaro evakuatsiya qilingani ma’lum qilindi.

Doxada bo‘lib o‘tayotgan Arab va Islom mamlakatlari sammiti loyiha deklaratsiyasida Isroilning Qatar hududiga uyushtirgan havo zarbalari qattiq tanqid qilindi. Hujum Qatar suverenitetiga tajovuz va xalqaro vositachilik jarayonlariga zarba sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentyabr kuni Isroil Qatar poytaxti Doxada HAMASning shtab-kvartirasiga havo hujumi uyushtirdi. Mazkur zarba "Yong‘inli sammit" operatsiyasi deb nomlandi. Hujum Qatarda o‘tayotgan AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridagi otishmalarni to‘xtatishga oid so‘nggi taklifi muzokaralari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Hodisa Qatar vositachilik rolini bajarayotgan bir paytda ro‘y bergani xalqaro maydonda katta tanqidlarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar bu zarba mintaqada tinchlik jarayonlariga jiddiy xavf solishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Kecha tunda Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi "Al-Maljul" minorasini o‘qqa tutdi. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Isroil havo hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 68 nafarga, yaradorlar soni esa 346 nafarga yetgan.