Prezident bayram arafasida 575 nafar fuqaroni afv etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 575 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 361 nafari jazodan to‘liq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytariladi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi. Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish yuzasidan mas’ul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.