Prezident: "To‘qimachilik bizga kam xarajat bilan oltindan ham ko‘p daromad keltiradigan soha hisoblanadi"

Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishida paxta hosildorligi va hajmini kamida 30 foizga oshirish, sohaning eksportini kamida 2 baravarga ko‘paytirish muhokama qilinmoqda.

“Bu – iqtisodiyotimiz uchun juda katta imkoniyat va zaxiradir. To‘qimachilik bizga kam xarajat bilan oltindan ham ko‘p daromad keltiradigan soha hisoblanadi.

Shuning uchun biz sohada to‘liq klaster tizimini joriy etdik. Bugungi kunda paxta tolasini o‘zimizda 100 foiz qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi.

Sohani qo‘llab-quvvatlash uchun so‘nggi uch yilda to‘qimachilik klasterlariga 23 trln so‘mdan ziyod imtiyozli mablag‘lar ajratildi. Bundan tashqari, klasterlarning o‘zlari ham qariyb 7 trln so‘m xususiy investitsiyalar yo‘naltirdilar. Natijada 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi.

Ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga oshdi, eksport esa 4 barobarga o‘sib, qariyb 3 mlrd dollarga yetdi”, dedi Prezident.