Prezident yoshlarni kasbga yo‘naltirishga mas’ul psixologlar ishi umuman sezilmayotganini qayd etdi

Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga 7–11-sinf o‘quvchilarini individual yondashuv asosida kasbiy diagnostikadan o‘tkazish vazifasini topshirdi.

Ta’kidlanishicha, professional ta’limni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish shart. Bu ishlarni qanday tashkil etish Angren shahri misolida ko‘rsatib berildi.

Angrenda 2022 yilda mehnat bozoriga 3800 nafar yosh kirib kelishi, shahardagi 535 ta korxonada ishchi kasblar bo‘yicha 1915 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligi, investitsiya loyihalari hisobiga yana 2 mingdan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘lishi ma’lum qilingan.

Viloyat, tuman va shaharlarda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi. Yangi tizim orqali 6 ming nafar aholi kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadi va manzilli ishga joylashtiriladi.

Yig‘ilishda yoshlarni kasbga yo‘naltirishga mas’ul bo‘lgan psixologlar ishi umuman sezilmayotgani qayd etildi. Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga:

- o‘z tizimidagi psixologlarni qayta o‘qitish va talabga javob bermaydiganlarini almashtirish;
- 7–11-sinf o‘quvchilarini individual yondashuv asosida kasbiy diagnostikadan o‘tkazish va tavsiyalarini kengashlarga taqdim etish topshirildi.
Shu bilan birga, vazirlik oldiga O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish tashxis markazi faoliyatini transformatsiya qilish vazifasi qo‘yildi.