Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi bo‘yicha Urgutda o‘tkazilayotgan tadbirlar samarali bo‘lyaptimi?
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, musiqa, san’at, sport va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish maqsadida beshta muhim tashabbus ilgari surildi. Ushbu tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida Urgut tumanida yo‘l xaritasi tasdiqlanib, qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tumandagi 56-umumta’lim maktabida afg‘on urushi qatnashchisi Shamsiddin Murodov xotirasiga bag‘ishlangan futbol turniri o‘tkazildi.
- Bugungi futbol musobaqasida o‘quvchilarning sportga qiziqishi katta ekanligi namoyon bo‘ldi, - deydi maktab direktori Asqar Boboyorov. – Bolalarning tayyorgarlik jarayoni, mashg‘ulotlardagi faolligi, yuksak marralar sari intilishini ko‘rib, ulardan chempionlar yetishib chiqishiga amin bo‘ldim. Bu kabi bellashuvlarni nafaqat maktablar o‘rtasida, balki mahallalar o‘rtasida ham o‘tkazish lozim.
Uch kun davom etgan bellashuv natijasiga ko‘ra, 56-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi, 49-umumta’lim maktabi ikkinchi va 52-umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, maktab hovlisida «Bir bolaga bir kitob sovg‘a» aksiyasi doirasida «Samarqand kitob olami» ma’naviy-ma’rifiy majmuasi tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi.
H.FAYoZOV,
Urgut tumani Mergancha qishlog‘i.