Prezidentimizning EIZga tashrifi tadbirkorlarga kuch berdi

Hozirda erkin iqtisodiy zonada 55 korxona ishga tushdi. O‘tgan yili bu korxonalarda 1 trillion 300 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 30 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Iqtisodiy zonada 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan va korxonalarda 220 turdagi, jumladan 110 turdagi import o‘rnini bosuvchi elektrotexnikalari, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 martdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yana hududimiz kengaydi. Bu esa ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini yaratmoqda. Ayni paytda 30 ta korxonada qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Tashrif davomida davlatimiz rahbariga 80 ga yaqin yangi loyiha haqida ma’lumot berdik. Yangi loyihalarning ishga tushirilishi natijasida yana 10 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga berilgan imtiyozlarni barcha tuman va shaharlarga qo‘llash hamda har biriga kamida 50-100 million dollar investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 200 gektar maydonda 1 milliard dollarlik qo‘shimcha sanoat loyihalarini amalga oshirishni bildirdi. Shuningdek, loyihalarni sifatli ishlab chiqish uchun "Loyihalar fabrikasi"ning “Urgut ofisi” tashkil qilishni taklif qildi.
Jamshid Haydarov,
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori.