Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev nomzod Alisher Qodirovning mehnat migrantlari daromadini soliqqa tortish fikriga munosabat bildirdi

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirovning mehnat migrantlari daromadini soliqqa tortish haqidagi fikriga munosabat bildirdi.

– Hozir odamlar ongli ravishda islohotlarga ishonyapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz 25 yil davomida mamlakatimizdagi boshqa viloyatlarga e’tibor berdik, biroq Toshkent viloyatini tizimli tahlilli tarzda rivojlantirishimiz kerak. Men birinchi bor kelganimda aytgan edim: chetda yurganlar bizning aybimiz bilan yuribdi. Nima uchun odamlar chetga ketadi? Imkon qidirib, maqsad bilan ketadi. Imkon qidirgan odam – fidoyi odam. Shu kunlarda boshqa nomzod tomonidan xorijda ishlayotganlarning daromadini soliqqa tortish taklifi bo‘lyapti. Mening fikrimcha, bu mutlaqo noto‘g‘ri gap. Xorijdagi yurtdoshlarimiz halol mehnatlari bilan topgan pullarini soliqqa tortsak bu adolatdan bo‘lmaydi, siyosatimizga to‘g‘ri kelmaydi. Xalqimiz “Musofir bo‘lmagan musulmon bo‘lmaydi” deya bejiz aytilmagan. Men fidoyi farzandlarimizga murojaat qilmoqchiman – ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin! Biz yangi soliq yaratish emas, imkon qadar soliqlarni kamaytirish to‘g‘risida o‘ylaymiz.

Ta’kidlanganidek, partiyaning oldiga qo‘yilgan vazifalar qatorida tadbirkorlikni rivojlantirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini aytib o‘tdi.

O‘zA