Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Prikol»lar bilan to‘yinayotgan miyalar yoxud fikriy yalqovlik

Sabab haqida emas, oqibatini yozmoqchiman. Garchi, avval u yoki bu muammoni yuzaga keltirish sabablari aytilishi lozim bo‘lsa-da, oqibatlar haqida to‘xtalishni afzal bildim. Umuman, bugun qay tariqa, nega bu ahvolga tushdik? Bunga matbuotchi aybdormi yo o‘quvchimi?

 Seminarbozlik…

Keyingi paytda seminarbozlik, u yoki bu soha vakillarini o‘qitish rosa avjiga chiqdi. Biror qonun chiqdi, deylik. Bu haqda falon soha vakillarini o‘qitish kerak, qonunni ularga tushuntirib qo‘yish kerak, deyishadi mutasaddilar. Va ko‘p o‘tmay, joylarda qancha odamning vaqti, mablag‘i sarflanadi, qonunmi, qoidami, ishqilib, yangilik yaxshilab o‘qitiladi. O‘qitilgandan keyin biron natija bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Shu qonunning ahamiyatini so‘rasangiz, ziyoli insonlar yelka qisib turaveradi, qonunning hammasini yodlab bo‘lmaydi-ku, deya fikr ham bildiradi. Gap amaliy ko‘rsatmalari mavjud bo‘lgan seminarlar haqida emas, albatta.

Yoki ba’zi ma’rifiy tadbirlarni olaylik. Maqsad-muddaolar juda balandparvoz. Nizomni o‘qib ko‘rsangiz, bunday uchrashuvlardan keyin aholi yoppasiga ma’rifatli bo‘lishiga ishonib qolasiz. Ammo joylarda to‘rt-besh nafar savodi bor odam yurt kelajagi haqida va’z o‘qiydi, xolos.

Bir hududda jinoyatchilik bo‘lsa, yana mahalla sarson, odam yig‘ib, jinoyatchilik qilmanglar endi, ko‘ryapsizlarmi, nima bo‘lyapti, deya va’z o‘qiladi. Bu yerda o‘tirganlarning ko‘pi bu gaplardan charchagan, qulog‘iga kirmay, esnab o‘tirgan bo‘ladi. Biror dargohda korrupsiya holati uchrasa ham yana yig‘ilish, ehtiyot bo‘linglar axir, deya ogohlantirishadi.

E’tibor bering, yuqoridagi misollar asosan katta yoshlilar o‘rtasidagi uchrashuvlar haqida. Ya’ni, katta yoshlilarga unday qilma, bunday qilishing kerak, deb aql o‘rgatamiz. Eng qizig‘i, va’zxonlik usulida. Vaqt sarflanadi, ba’zida mablag‘ ham.

Vaholanki, har bir sohaning o‘z nashrlari borligi haqida ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Ushbu nashrlarda sohaning yangiliklari doimiy ravishda berib borilishi barobarida, tahlil ham qilinadi. Lekin bu nashrlarni kimdir o‘qiydi, juda ko‘pchilik o‘qimay qo‘ygan…

Faqat tilchi savodli bo‘lishi kerakmi?

U yoki bu soha vakillari o‘rtasida o‘tkazilayotgan attestatsiya natijalaridan norozi xodimlarni tez-tez uchratib turamiz. Ularning aksariyati savollar o‘z sohasidan emasligi, jamiyatdagi o‘zgarishlar, islohotlar bilan bog‘liq ekanidan yozg‘iradi. Xo‘sh, jamiyatdagi islohotni birinchi navbatda ziyoli odam bilmasa, kim bilishi kerak?

Maktab bitiruvchisi yoki talabalarning birgina ariza yozishda o‘nlab xatolar qilayotgani haqida ko‘pchilik kuyunib gapiradi. Vaholanki, nufuzli tashkilot yoki ziyo maskanida faoliyat ko‘rsatayotgan qanchadan-qancha xodimlarning o‘zlari ham xato bilan yozishlarini, ikki jumla tuzishda kimlargadir murojaat qilishlarini qanday tushunish mumkin? Ayniqsa, xatolari haqida gapirsangiz, «biz tilchi emasmiz-ku», deya savodsizlikni bu bilimsizlik emas, qabilidagi tushuncha bilan almashtirmoqchi bo‘lganlarni hanuz tushunolmayman.

Bularning hammasini, ehtimol, mubolag‘a deb atasangiz ham GAZETA O‘QIMASLIK natijasi, deb bilaman. To‘g‘ri, bu holatning qator, biz jurnalistlarga va umuman, jamiyatga aloqador sabablari bisyor. Ammo bugun respublika, viloyat nashrlarida keskin o‘zgarishlar borligini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Chang bosgan nashrlar

Deylik, «Hurriyat» gazetasidagi «Uyqudagi Qonunbek», «Ikki ming olti yuz hayrat vodiyiga bir qadam» maqolalalarini o‘qigan odam bu gazetani yana izlab o‘qigisi keladi. «Jamiyat» gazetasidagi «Akaxon»ni orqa qilib byudjetni talayotganlar, to‘xtang!», «Vaksina atrofidagi mish-mishlar», «Millat, onalaring nega bezovta?» kabi maqolalarini o‘qigan o‘quvchi ushbu gazeta bilan oshno bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.

Shuningdek, respublikada nashr etilayotgan boshqa qator gazetalarda tosh bosadigan, salmoqli maqolalar berilyapti va ular o‘quvchisini islohotlarni bilishi barobarida tafakkur qilishga, o‘ylashga, fikrlashga undaydi. «Ma’rifat»ni o‘qimay qo‘ygan o‘qituvchining attestatsiyadan qiynalib o‘tishiga ishonaman. «Tafakkur»dagi xazina maqolalarni o‘qimay qo‘ygan oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining ehtimol bilimi haqiqatan ham zo‘rdir, ammo o‘z doirasidan nariga chiqolmaydi, deb o‘ylayman, negadir. Afsuski, ushbu nashrlarning obunasi haminqadar, qolaversa, qaysidir tashkilotga borayotgan bo‘lsa-da, chang bosib qolayotgan holatlar ham ko‘p.

Ziyolilar davrasida ham…

U yoki bu davralarda o‘tirsangiz, tuppa-tuzuk ziyoli insonlarning bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha ijtimoiy tarmoqlardagi «prikollar»dan bosh ko‘tarmayotganini sezib qolasiz. Muhokama mavzui ham shu!

- Yangisini ko‘rdingizmi?

- Boplabdi-ya!

- Undan zo‘rrog‘ini ko‘rsataymi, manavini qarang…

Xullas, kimlarningdir yiqilib tushishidan tortib, xotin-qizlarning qad-qomatini kulgiga solgan, tort bilan urishdan tortib, haykallarga «dard-hol qilgan» yoshlarning qator bachkana videolari odamlarning doimiy diqqat markazida.

Hammani bitta qozonga solmang, har bir medianing o‘z o‘quvchisi, o‘z ko‘ruvchisi bor, deyishga shoshilmang. Afsuski, qozonlar birlashib boryapti. Bunday lavhalarga o‘chlik ziyoliyu, barcha davralarga o‘tib, yuqumli kasallikday tobora ongimizga singib borayotir. Bu balki men o‘ylaganday xavfli, qo‘rqinchli jarayon emasdir. Ammo hamma gap shundaki, odamlar ongini mazmunli ma’lumot bilan emas, mana shunday oldi-qochdilar bilan to‘ldirayotganida. Miya doimiy ravishda bu kabi «ozuqa»lar bilan to‘ldirilavergach, jiddiyroq ma’lumotni o‘qishga ham erinchoq bo‘lib qoladi, odam. Fikriy yalqovlik yuzaga keladi - qo‘rqinchlisi shu.

Bugun biror davrada falon gazetada falon maqolani o‘qidingizmi, degan savollar tobora kamayib, uning atrofidagi bahs-munozaralar yo‘qolib boryapti. Faqat tahririyatda ishlaganim uchun emas, shu yurtning bir fuqarosi sifatida bu holat aholining savodsizligini oshirishiga olib keladi, degan tashvishdaman.

 Fikriy yalqovlik tufayli…

Men yuqoridagi ba’zi samarasiz yig‘inlaru, seminarlar, tashkilot xodimlarining attestatsiyadan o‘tishi bilan bog‘liq (o‘qituvchilarning attestatsiyadan nechog‘lik past ko‘rsatkich bilan o‘tgani haqida ilgari ham xabar bergandik) holatlarning aksariyatini gazeta o‘qimaslik bilan bog‘layman. Ziyoli insonning ikkita jumlani to‘g‘ri tuza olmasligi ham gazeta, jurnal o‘qimaslik oqibatidir. «Prikol»larga mukkasidan ketishimizga ham gazeta o‘qimasligimiz sababdir. Mazmunli axborotni qabul qilmaslik sindromi shakllangach, uni qayta tiklash oson kechmaydi.

Qonunlar-ku, mayli, oddiy yangilikni yaxshiroq, soddaroq tilda tushuntirishga to‘g‘ri kelmoqda. Odamlar internet tiliga, ya’ni soddaroq tilga tobora moslashib boryapti, tilimiz o‘z jozibadorligini yo‘qotmoqda.

Endi odamlarni gazeta o‘qishga majburlay olmaysiz, hozir internet asri, deb bong urishi mumkin. Qo‘shilaman, ammo hayotimiz faqat axborotdangina, qolaversa, internet tilida berilayotgan ma’lumotdangina iborat emas. Chunki eng ommabop internet nashrida ham yaxshi yozilgan tahliliy maqolaning o‘quvchilari kam. Tinimsiz, doimiy axborot esa inson miyasini har qanday ma’lumotdan, hatto o‘qishdan ham toliqtirib yuboradi.

Men necha o‘n yillardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ma’naviyat tashkiloti odamlarni gazeta o‘qishga chorlaydigan, targ‘ib qiladigan biror bir harakat amalga oshirganini ko‘rmadim. Vaholanki, bir viloyatda bir zal odamni yig‘ib o‘qilgan ma’ruza shaklidagi yig‘ilishdan ko‘ra, gazetadagi bitta maqolaning ta’siri ko‘proqdir.

Gazeta o‘qimaslik bugun shu darajaga yetdiki, hatto ta’lim muassasalari kutubxonalarida ham gazeta, jurnallarni topolmay qoldik.

Yaxshi maqolalar yo‘qligi uchun emas, allaqachon fikriy yalqovlik yuzaga kelgani uchun gazeta, jurnal o‘qilmay qo‘yilgani fojia, nazarimda.

Gulruh Mo‘minova.