Professor Hotam Umurov 84 yoshida vafot etdi
Taniqli adabiyotshunos-olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurov vafot etdi.
1942 yil 10 yanvarda Jizzax viloyatining Jizzax tumanida tug‘ildi. 1964 yilda SamDU filologiya fakultetini tugatib, keyin O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida o‘qidi. U 1971 yilda adabiy tanqid mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va Samarqand davlat pedagogika institutida murabbiylik faoliyatini boshladi.
Hotam Umurov 1971 yildan 1993 yilgacha Samarqand davlat pedagogika institutida o‘qituvchi, o‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri (1971-1991), dotsenti (1973-1986), o‘zbek filologiyasi va chet tillari fakulteti dekani (1991-1993) lavozimlarida faoliyat yuritdi. Olim 1984 yili «Psixologizm muammosi va o‘zbek romani» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1986 yilda professorlik unvoniga erishdi. 1993-1998 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti kafedrasining professori, 1999 yildan 2014 yilgacha kafedra mudiri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.
2014-2025 yillarda professor lavozimida ishladi hamda so‘nggi nafasigacha ta’lim va ilm-fan jabhasida bo‘ldi.
Olim tomonidan e’lon qilingan 300ga yaqin ilmiy ishlarda adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidchiligimizning dolzarb masalalari tadqiq etilgan.
Professor Hotam Umurov pedagogik faoliyati, oliy o‘quv yurtlari va akademik litseylarda adabiyotshunoslik fanlarini o‘qitishdagi xizmatlari Respublika hukumati tomonidan munosib taqdirlangan. 1982 yilda unga «O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi», 2000 yilda «Samarqand davlat universitetida xizmat ko‘rsatgan professor» unvoni hamda 2016 yilda uning 50 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilgan edi.
Samarqand viloyati hokimligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi.