Profilaktika inspektorlari ishtirokida gender tenglik bo‘yicha trening o‘tkazildi

Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi nodavlat notijorat markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida “O‘zbekistonda gender tengligi. Gender zo‘ravonligiga barham berishda ichki ishlar organlarining roli va ahamiyati” mavzusida trening tashkil etildi.
Treningdan maqsad huquq-tartibot organlari xodimlarining xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalariga yo‘naltirilgan faoliyatini samarali va ta’sirli amalga oshirish uchun gender siyosati va zo‘ravonlikning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan.
- Ushbu treningda ichki ishlar xodimlariga mamlakatimiz va xalqaro qonunchilikda gender tengligi tushunchalarining mazmun-mohiyati va bu bo‘yicha milliy va xalqaro qonunchilik to‘g‘risida ma’lumotlar beryapmiz, - deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi trener-eksperti Birodar Mirzayev. – Sababi, ular zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderlarini berishda ushbu holat zo‘ravonlikmi yoki oddiy oilaviy nizomi, buni farqlay olishi lozim.
Treningda gender zo‘ravonlikni maishiy va oilaviy nizodan farqlash ko‘rsatkichlari muhokama qilinib, zo‘ravonlikni identifikatsiya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Uning amaliy qismi gender va oilaviy zo‘ravonlik muammosining kriminogen xarakteri va xususiyatlari, sabab va jinoiy oqibatlari, bunda ichki ishlar xodimlarining vazifalarini bajarishda duch keladigan muammolar tahlil qilindi.
Treningda Nurobod, Past Darg‘om va Payariq tumanlari profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.