Profilaktika inspektorlarining aksariyati noyuridik oliy ma’lumotga ega

Bugungi globallashuv sharoitida inson huquqlarini ta’minlash har bir mamlakatning asosiy maqsadlaridan biri sanaladi. Chunki davlat o‘z ichki funksiyalarini amalga oshirar ekan, huquqiy tartibni saqlash va tinchlikni ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratadi.
Mazkur funksiyalar tegishli vakolatli davlat organlari, ya’ni Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun tamal toshi qo‘yildi.
Qaror insonlarning huquqi, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini, kadrlar zaxirasini zamonaviy o‘qitish metodlari orqali shakllantirishni nazarda tutadi.
Bilamizki, huquqbuzarliklar profilaktikasida asosiy o‘rinni profilaktika inspektorlari egallaydi. Shunday ekan, ularning yuridik bilimga ega bo‘lishi juda muhim. Afsuski, profilaktika inspektorlarining aksariyati noyuridik oliy ma’lumotga ega. Bu esa turli masalalar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, qonunchilikni yetarlicha qo‘llay olish kabi masalalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga olib keladi.
Mazkur muammolarga barham berish uchun Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filialida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda mazkur filialda jami 866 nafar talaba tahsil olmoqda. Hozirgacha ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarida profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash xodimlarining 200 nafardan ortig‘i qayta tayyorlandi. Joriy o‘quv yilida filialda tahsil olayotgan birinchi bitiruvchilar o‘z kasbiy faoliyatini boshlaydi.
Ulfat Shonazarov,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali kafedra mudiri.