Prokurorga "atalgan" o‘q xoinning ko‘ksiga qadaldi
(Prokurorning yon daftaridan)
Ittifoq prokuraturasida Gruziya oliy soveti raisi M.Gamsaxurdi va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha kelgan alohida topshiriq menga topshi-rildi. Moskva viloyat prokuraturasi tergovchisi M.Solovyov hamrohligida Gruziyaga uchib keldik. Respublika prokuraturasi rahbariyati bizga B.Dumbadze degan tergovchi, «UAZ» rusumli avtomashina va shofyor ajratib berdi.
Tergov harakatlari o‘tkazish lozim bo‘lgan joy Tbilisi shahridan taxminan 60-70 kilometr chamasi uzoqlikdagi Gagra shahrida edi. Gumondor Gruziyadagi yopiq tipdagi maxfiy zavod direktori N.Maxarashvili bo‘lib, tintuv va tergov harakatlari o‘tkazish uchun Gagra shahar IIBdan ekspert-kriminalist, uchastka vakili va tinchlikni saqlash uchun bir nechta xodim olishimiz kerak edi. Yo‘lda bir oshxonaga kirib ovqatlandik. Hamrohimiz Dumbadze ofitsiant yigitga gruzin tilida nimadir dedi, keyin ichkariga, direktorning xonasiga kirib ketdi. O‘n daqiqadan keyin qaytib keldi. Biz yo‘lda davom etdik.
Men oldingi o‘rindiqda edim, quyosh to‘g‘ri menga tushayotgani sababli orqa o‘rindiqqa, o‘ng tomonga o‘tdim. Oldingi o‘rindiqqa tergovchi Dumbadze o‘tirdi. Gagra shahriga 10-15 kilometr qolganida mashinamizni o‘qqa tutishdi. Men qo‘rqqanimdan egilib, pastga yotib oldim. Mashina yo‘l chetiga chiqib, to‘xtab qoldi. Shofyorning yuzidan qon oqayotgan edi. Oldingi o‘rindiqda o‘tirgan tergovchi Dumbadze baqirib yubordi. Yonimdagi tergovchi Solovyov "voy-voy"lab qoldi. Uning chap oyog‘idan qon oqar edi. To‘satdan chap kuragimning pastidan bir parchasi kesib tashlanganday, qattiq azob bera boshladi.O‘zim tan jarohati olganimga qaramay mashinadagi sheriklarimni qutqarish maqsadida mashinadan tushdim, nima qilishni bilmayman. Yo‘ldan mashinalar to‘xtamay o‘tar edi. Menda qandaydir ilohiy kuch paydo bo‘lib sheriklarimni ko‘tarib yo‘lning xavfsiz tomoniga o‘tkazib yotqizishga muvaffaq bo‘ldim.
20-25 daqiqa o‘tganidan keyin bir «Moskvich» rusumli mashina to‘xtab, undan bir keksa odam va ayol kishi aptechka olib tushdi. Keyin shofyorga, yarador Solovevga yordam berdi. Tergovchi Dumbadze menga atalgan o‘qlarni o‘z tanasiga qabul qilib, qimirlamay yotar edi. Uni bir necha joyidan qon oqar, guyo u o‘z vazifasini jinoiy sheriklari oldida a’lo darajada bajarganidan manmun bo‘lib jonsiz yotar edi...
Meni esa kartadagi arslon yolli SSSR - vatanni emas, uyda qolgan tetapoya jajji farzandlar taqdirini ko‘z oldimdan o‘tkazar edim...
Mashinadagi o‘zimizga tegishli sumkalarni tushirib oldim. Bizga yordam bergan kishi jarohat olganlar haqida xabar berish uchun «Tez yordam» chaqirishga ketdi. Ayol esa yaradorlarga bint va dori bilan birinchi yordam ko‘rsatib, jarohatlarini bog‘lay boshladi. Biror soatdan keyin bizga yordam bergan kishi kelib, «Tez yordam» mashinasi kelayotganini aytdi. Tergovchi Dumbadze olamdan o‘tgan, shofyor ikki joyidan, Solovyov esa oyog‘idan jarohatlangandi. Mening chap yelka qopqog‘im pastidan o‘q yalab o‘tgan, yengil jarohat olgan edim. Biz minib kelgan mashina ko‘z oldimizda yonib ketdi va undan bir qancha metall uyumi qoldi, xolos.
Oradan ikki-uch soat o‘tgandan keyin «Tez yordam» va tergovchi, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari yetib kelishdi. Bizni Gagra shahridagi shifoxonaga olib ketishdi. Shifoxonada menga olgan jarohatim yengilligini aytishdi. Bir kundan keyin Gruziya prokuraturasidan tergov guruhi va prokuror o‘rinbosari shifoxonaga kelib, bizni Tbilisi shahridagi harbiy kasalxonaga olib ketdi.
Men bu voqea haqida ittifoq prokuraturasiga telefon orqali xabar berib, bo‘lgan voqeani qisqacha tushuntirdim. Undan oldin ularga bu haqda maxsus xabar borgan ekan. Bizga Moskvaga qaytish haqida buyruq bo‘ldi. Solovyovning oyog‘i gips qilinganligi sababli bir hafta o‘tgandan keyin samolyotga chiqdik. Solovyovning fikricha, biz yo‘lda oshxonada tushlik qilgan paytimizda tergovchi Dumbadze oshxona direktori xonasidan biz tintuv qilmoqchi bo‘lgan gumonlanuvchi Maxarashviliga xabar qilgan va biz kelayotgan avtomashinaning rusumi va davlat raqamini aytgan.
Shu sababli yo‘lga qo‘yilgan «pistirma»dan bizga o‘q otishgan. Mening orqaga o‘tirganim bir o‘limdan saqlab qolganini bilib, Yaratganga behisob shukurlar qildim. Otilgan o‘qlar «Kalashnikov» qurolidan otilganligi aniqlandi.
Keyinchalik bu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Gruziya prokuraturasi tergovchisi S.Akobidze dastlabki tergov harakatlari olib bordi. Lekin jinoyatni sodir qilgan shaxslar topilmadi. Bu jinoyat ishi bir necha marta ittifoq prokuraturasiga chaqirilib, qayta-qayta qo‘shimcha tergovga berildi. Lekin biror natija chiqmadi...
Ismatilla Yo‘ldoshev.