Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!

Samarqand davlat chet tillar institutida shunday nomlangan ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, shoir va jurnalist Farmon Toshev qatnashib, ona tilimizning tarixi va uning rivojlanishiga oid fikrlarini bildirdi.

Xususan, til bu birdan paydo bo‘ladigan jarayon emasligi, buyuk bobolarimiz bu xususda ko‘plab zahmat chekkanlari natijasida paydo bo‘lganligi, mamlakatimizda 1989 yilda bunga to‘la ehtiyoj sezilgani uchun davlat maqomi berilishining o‘zi tarixiy voqea bo‘lgani ta’kidlandi.

F.Toshev talabalarga ona tilimizga oid savollar berdi va faol ishtirokchilarni kitob bilan siyladi.

Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari Farid Rasulov, Ozod Qurbonov hamda badiiy rahbar Alijon Hasanovlarning chiqishi chinakamiga tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Ular o‘z chiqishida tarixiy siymolarni til xususidagi gaplarini obrazga kirib talqin qildi. Ayni kunlarda sahnalashtirilayotgan Bahodir Yalangto‘sh haqidagi tarixiy asardan parcha ham namoyish etildi. Talabalar tomonidan ham tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatildi, Navoiy g‘azallari ijro etildi.

-  Albatta bu kabi tadbirlar, ayniqsa, ijodkor bilan bo‘lgan uchrashuvlarda talabalar bilimi oshishi barobarida ularning intelektual salohiyati ham oshadi, - deydi institut rektori Ilhom To‘xtasinov. – Qolaversa, bugungidek ochiq, samimiy ruhda o‘tgan tadbirda talabalar yanada zavqlanadi. Bizning maqsadimiz ham aynan shu.

Husan Eltoyev.