Qadring baland bo‘lsin, ona tilim

O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlarini qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan o‘tib kelayotgan maqol va iboralari, dostonlarida, shoir va yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning «Xamsa»si, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»si, Mashrab, Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Matnazar Abdulhakim, Muhammad Yusufning asarlari ona tilimizda yozilgan bebaho durdonalardir.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi mustahkamlab qo‘yilgan. «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ona tilimizning rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratdi. Shu tariqa o‘zbek tili mamlakatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun bilan himoya qilinadigan vatan timsollaridan biriga aylandi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugun sud idoralarida o‘zaro hujjat almashinuv tizimi, ish yuritish to‘liq o‘zbek tilida amalga oshiriladi.

Ammo bugun ayrim hamyurtlarimizning savodxonlik masalasiga e’tiborsizlik qilayotgani dilni xira qiladi. Tashkilot va muassasalar chiqarayotgan xat-xabarlardagi imlo xatolari ularni qiziqtirmaydi go‘yo. Yaqinda bir tashkilot ma’lumoti berdi. To‘g‘risi, bir enlik ma’lumotda shuncha xato qilish uchun G‘afur G‘ulomning ta’biri bilan aytganda, darsxonada emas, hirsxonada ta’lim olgan bo‘lish kerak.

Bir enlik xatdagi xatolar ko‘rib o‘ylanib qoldim: bu e’tiborsizlikmi yo savodsizlik?

Axir davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”.

Qolaversa, «Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur», — degan edi millat ravnaqi yo‘lida jon kuydirgan bobomiz Abdulla Avloniy. Shu ma’noda bugungi kunda tilimiz rivojlanishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yaqinda «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» nomli respublika tanlovi o‘tkazildi. Tanlov agar jiddiy e’tior qilinsa, o‘z ona tilini bilganga mukofot edi.

Aytmoqchi bo‘lganim, xalqimizda «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir» degan naql borki, bu so‘zga nisbatan hurmat-e’tiborni ifodalaydi. Shunday ekan, yozayotgan so‘zimizni, aytayotgan gapimizni to‘g‘ri ifodalash har birimizning burchimiz. Zero, kelajak avlod noto‘g‘ri yozishmalarimizdan, asossiz so‘zlarimizdan “ibrat” olmasligi uchun bugundan to‘g‘ri yozish va gapirishni o‘rganaylik. Axir Alisher Navoiy bobomiz bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” demagan.

Furqat ANAROV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi.