Qayerda, qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Shu kunlarda shahar va tuman hokimlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga murojaati bo‘yicha sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Unda 2021 yilda amalga oshirilgan va erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar hamda 2022 yil uchun istiqbolli rejalar haqida so‘z bormoqda.

***

Kattaqo‘rg‘on shahrida 566 million so‘m sarflanayotgan markazlashgan tumanlararo yurak qon-tomir kasalliklarini erta aniqlash uchun diagnostika markazi 2022 yilda faoliyat boshlaydi.

G.Alimovaning qayd etishicha, kelgusida umumiy uzunligi 220 kilometr optik tolali aloqa kabeli qurish orqali shahar internet xizmati bilan 100 foiz qamrab olinadi. 2022-2024 yillarda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish borasida Konsepsiya ishlab chiqilgan. Shu asosda xizmatlar xajmi 2022 yilda 150 foizga oshirilib, 684,0 mlrd. so‘mga yetkaziladi.

***

Paxtachi tumani 2019 yilning yakuniy reytingida qizil hudud, 2020 yil yakuni bilan esa yashil hududga kiritildi. Joriy yilning 9 oylik reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, viloyatda birinchi o‘rinni egalladi.

Tuman hokimi M.Hamdamovning bildirishicha, birgina eksport hajmi 2020 yil 5410,0 ming dollarini tashkil etib, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 3 baravarga oshib, 15 000,0 ming dollarni tashkil etgan. Iqtisodiy ko‘rsatkichlarning oshishi o‘z navbatida ijtimoiy masalalardagi qator muammolarni hal qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu bois, tumanda 2022 yilda aholi yashash turmush tarzini yaxshilash, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yanada yuqoriga olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar belgilab olingan. Xususan, 2022 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 511,8 mlrd. so‘mlik 43 ta investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.

***

Samarqand tumani hokimi N.Mavlonov murojaatda tumandagi avtomobil yo‘llari 2026 yilga qadar 100 foiz ta’mirlanishini qayd etdi.

Xususan, yo‘l ta’mirlash darajasini 2022 yil yakuniga qadar 67 foizga yetkazish, ya’ni 84,4 kilometrlik umumiy qiymati 26,3 milliard so‘mni tashkil etgan avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, 2026 yil yakuniga qadar esa 100 foiz, 138,1 milliard so‘mlik 393,4 kilometr avtomobil yo‘llarini qayta ta’mirlash va 3 ta ko‘prik qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 970 million so‘mni tashkil etgan 1 ta ob’yektda 3,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i rekonstruksiya qilinishi natijasida 93,5 foiz aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

***

Past Darg‘om tumanida joriy yilning 9 oyi davomida tuman mahalliy byudjetida 9,6 mlrd. so‘m qo‘shimcha manba shakllangan. Xususan, umumta’lim maktablarini joriy ta’mirlash va moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun 416 million, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish hamda obodonlashtirishga 334 million, kam ta’minlangan surunkali kasalligi bo‘lgan, ayniqsa tug‘ma yurak parogi bilan kasallangan 10 nafar fuqaroni davolatish hamda 60 dona nogironlik aravachasi sotib olish uchun 199,7 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, 2022 yilda uy-joyga muhtoj 480 nafar xotin-qizlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joy ajratish, shuningdek, ayollarga turar joylarni ijtimoiy ijaraga berish rejalashtirilmoqda.

***

Jomboy tumani hokimi Q.Sobirovning murojaatiga ko‘ra, tumanda paxta va g‘alladan qisqaradigan yerlarni aholiga 10 yil muddatga bo‘lib berish borasida aniq reja ishlab chiqilgan. Jumladan, joriy yilda 17 635 nafar fuqaroga bo‘lib berilgan yerlardan 24 milliard 200 million so‘m daromad olingan.

Tumanda kelgusi yilda uy-joylar qurilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, “Zarafshon” mahallasi hududida 35 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etiladi. Uzunovul massivida 160 xonadonli 8 ta arzon ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. “Shodlik” va Alisher Navoiy nomli mahallalarda 19 ta 5 qavatli uy-joy barpo etilib, 1970 yillarda qurilgan xonadon egalari zamonaviy turar joy bilan ta’minlanadi.

***

Urgut tumanida ta’lim sifatini oshirish uchun maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun 2022 yilda investitsiya va “Obod qishloq” dasturlari asosida 4 ta, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 6 ta davlat xususiy-sheriklik, 2 ta xususiy, 90 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tuman hokimi B.Jabborovning bildirishicha, 0,9 koeffetsentdan past bo‘lgan 7 ta maktab hududidan xususiy sektor hisobiga yangi maktab tashkil etish, 6340 nafar bitiruvchining kamida 35-40 foizini oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2022-2023 o‘quv yilida tumanda SamDU filialini ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.