“Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni”
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tavallud topgan kun
Sirojiddin Sayyid 1958 yil 30 oktyabrda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tavallud topgan.
1979 yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Shoir bolaligidan dostonxonlik muhitida, ertak va afsonalar olamida ulg‘aygan. “Xayrullaning komandasi” nomli ilk hikoyasi 8-sinfda o‘qib yurganida respublika bolalar gazetasida bosilgan. 1985 yilda chop etilgan “Ruhim xaritasi” nomli ilk kitobi o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olingan.
O‘quvchilar shoirning “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil”, “Mehr qolur, muhabbat qolur”, “Kuydim”, “Uyingdagi beshiklar”, “Vatanni o‘rganish”, “Egasi bor yurt”, “Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni”, “Dil fasli”, “Bug‘doybo‘y Vatan”, “Ochil, ey gul, ki bo‘ston vaqti bo‘ldi” singari kitoblarini yaxshi biladi.
Shoirning she’r va dostonlari rus, turkman, ukrain, belorus, tojik, qozoq va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
***
Sirojiddin Sayyid g‘azaliga taxmis
Men seni jonon desam, jonon seningdek bo‘lmagay,
Navbahor, nayson desam, nayson seningdek bo‘lmagay,
Bul fano dashti aro hech jon seningdek bo‘lmagay,
Men seni osmon desam, osmon seningdek bo‘lmagay,
Men seni armon desam, armon seningdek bo‘lmagay.
Tarqalur oydek chiroying ko‘rkidin abru tuman,
Sen kabi ko‘rku latofat topmagay hech bir chaman,
Ko‘z tushib turganda ham sog‘inib hajringdaman,
Ne erur gulshan aro sarvu sanobar ham suman,
Hech biri xush qomating, gulgun taningdek bo‘lmagay.
Senga bog‘landi, ilojsiz taqdirimning takbiri,
Yo sarob bo‘lgaymu bilmam takbirimning taqdiri,
To hanuz ermas ayon bu ishq- muhabbatning siri,
Bu chamanda g‘uncha gullar xandasidan hech biri
G‘uncha lablar bargidan so‘z aytganingdek bo‘lmagay.
Ko‘p erur dunyoda rosti, har biri bo‘stoncha gul,
Andalib izhoriga va chashmingga siqqoncha gul,
Garchi ko‘ngildan visoling oniga borgancha gul,
Nastarinda oq libos, alvon yasanmish qancha gul,
Bittasi ham jonga ofat safsaningdek bo‘lmagay.
Yetmayin vaslingga bo‘ldi ko‘zlarim motamsaro,
Andalibdek bo‘zlagayman nastaristonlar aro,
Dilki Farmon aylaganda bul Sirojiy ne qaro?
Qatl etdi ul nigoh orasta mijgonlar aro,
Ikki dunyo ganji bir ko‘z tikkaningdek bo‘lmagay.
Barcha oshiqlar, aminman, bo‘ynima ilgay tumor,
Men kabi olamda yo‘qdur jonfido ham ishqivor,
Kel, yorug‘ chehrang ila ayla dilimni baxtiyor,
Vomiqu Farhodu Majnunlar agar kelsa qator,
Hech biri olamda sargardon maningdek bo‘lmagay.
Farmon Toshev.