Bugun taniqli siyosatchi, shoir, yozuvchi va jurnalist Farmon Toshev tavallud topgan kun

Farmon Toshev 1954 yil 6 aprelda Paxtachi tumanidagi Qarnab qishlog‘ida tug‘ilgan.

1975 yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Mehnat faoliyatini “Paxtachi” gazetasida boshlagan. Tahririyatda bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari, viloyat radiosida katta muharrir, “O‘zbekiston ovozi”, “Inson va qonun” gazetalarining viloyatdagi muxbiri vazifalarida ishlagan. “Ko‘ksaroy”, “Registon” gazetalarini tashkil etgan.

1998-2012 yillarda viloyat “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, 2012 yildan buyon “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ko‘p yillar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi bo‘lgan. “Sog‘inch”, “G‘azal – ma’ni, g‘azal – san’at...” devonlari, “Jurnalistning noni qattiq”, “Muxbirlik saboqlari”, “Men anglagan haqiqat”, “So‘z aytmoq saodati”, “Yo‘l - Put” kabi qirqqa yaqin nasriy va nazmiy kitoblar muallifi.

“Tuzoq”, “Bahodir Yalangto‘sh”, “Tazarru”  dramalari sahnalashtirilgan.

Farmon Toshev “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Ayni paytda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a’zosi.

Quyida 70 yoshini qarshilagan ustoz ijodkorning hayotiy qaydlaridan namuna o‘qiysiz.

------

Maktab ta’limida uchta muhim vazifani ko‘raman:

Birinchidan, bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatish orqali ularning umumiy savodxonlik darajasini ta’minlash.

Ikkinchidan, ishtiyoqi, iqtidori bor o‘g‘il-qizlargagina bilim va rag‘bat berish orqali ularni mutaxassislik yoki kasb egallashga yo‘naltirish.

Uchinchidan, yoshlarda hayotga nisbatan munosabat uyg‘otish, ularda mustaqil fikrlash, yaxshi insonlardan ibrat olish ko‘nikmasini shakllantirish.

Maktab ta’lim-tarbiyasidagi ana shu uchta omilning bittasi ishlamasa ham kutilgan natijaga erisha olmaymiz. Zero, ana shu jarayonlardan o‘tgan bolalar hayotda nima muhimligini o‘zlari topib olishadi.

***

Har qanday jamiyatda ham ADABIYoT qoladi, ammo hamma ijodkor unda qolmasligi mumkin.

***

Insonning aybi noto‘g‘ri gapi yoki harakatini ham ayb deb tan olishni istamaganidadir.

***

Hatto hayvonlarga ham hayvonlarcha munosabatda bo‘lish inson uchun katta gunohdir.

***

Nafsni yo‘qotib bo‘lmaydi, uni tiyib turish mumkin, xolos.

***

Bilimli, obro‘li odamga hasad qila boshladimi, demak u - o‘rtamiyona odam. O‘rtamiyona odamga ergasha boshladimi, demak, u - nodon odam.

***

Odamning hamma illati jahli chiqqanda ko‘rinadi.

***

Odamzod yaxshilik abadiy qolishini yaxshi biladi, ammo yaxshi anglamaydi, shuning uchun ham ba’zan yomonlikka mayl beradi.

***

Mehrsiz ko‘z baxtni ko‘ra olmaydi, mehrsiz qalb esa halovatni sezmaydi.

***

Jamiyat o‘zining sinovlari bilan insonning hayotdagi o‘rnini, qadrini belgilovchi joydir.

***

Manman kishi yerda turgan bo‘lsa ham o‘zini burgut deb o‘ylaydi. Miskin esa tog‘ cho‘qqisini ham zamin deb his qiladi.

***

Chashmadan loyqa suv chiqmaydi.