Bugun shoir va dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Dushan Fayziy tavallud topgan kun
Dushan Fayziy 1927 yil 5 fevralda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi kotibi, viloyat televideniye va radioyeshittirish qo‘mitasi raisi, SamDU prorektori, «Imom Buxoriy» xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
«Tug‘ilgan kunim», «Qalbim seniki», «Navo», «Yor xayoli», «Onaizor», «Buyuklik», «Samarqandnoma», «Sevgilim» kabi she’riy to‘plamlar nashr ettirgan.
Dramaturg sifatida «Zarafshon qizi», «Birinchi uchrashuv», «Kelin keldi», «Qorasoch», «G‘azal va muhabbat», «O‘n yetti yoshlilar» va boshqa sahna asarlari yaratgan.
Dushan Fayziyning «Do‘stlik qo‘shig‘i», «Asrim monologi», «Urgut qasidasi», «Temurnoma» dostonlari va «Imom al-Buxoriy» she’riy romani bor.
2009 yilda vafot etgan.
***
OYNING KUMUShRANG TANGALARI
Oyning kumushrang tangalari
Taqdir yo‘llariga birlashib,
Anhor mavjlariga qo‘shilib,
Sapchib borayotir qirg‘oqlar sari.
Dengiz – so‘ngsiz, ufqlar – so‘ngsiz,
Quyosh botayotir, qip-qizil alvon.
Samoning etagi yonmoqda, sonsiz
Parcha-parcha bulutli osmon.
Go‘yoki yirtilgan oq shohi ro‘mol
Ko‘piklarga qo‘shilib titrar beorom.
Osmon gumbazida g‘aroyib bir hol,
To‘lqinlar uzrakim – kumush to‘la jom.
Oyning kumushrang tangalari
Anhor mavjlariga qo‘shilib,
Toshib borayotir qirg‘oqlar sari
To‘lqinlar qatiga o‘zin yashirib.
ARIQ BO‘YIDA TURIBMAN
Ariq bo‘yida turibman, ming xayol,
Ming xayolda suvga termilib.
Zilol to‘lqinlar oqmoqda, ehtimol,
Xayollarim oqmoqda suvday bo‘lib.
Yo‘q, xayolmas, bu obi hayotdir,
Goho mavjli, gohida to‘lqinli.
Sokin yashamoqlik uning-chun yotdir,
Kumush zarralarki: o‘tli, yolqinli.
Bir maromda oqib o‘tayotir,
Jimirlab, oq ko‘piklar taratib.
O‘z yo‘lida, qaylargadir ketayotir
Va o‘tgan izida hayot yaratib.
Men turibman hamon ariq bo‘yida
Go‘yoki xayollarim oqib ketmoqda.
Suv ham emas, xayol ham, umr ham o‘tmoqda,
Ariq bo‘yida turibman, suvga termilib.
Ming xayol…
QATRALAR
Qatralar!
Biz sevgan ulkan hayotning
Bir butun mazmuni sizda mujassam.
Ufqsiz, sarhadsiz shul koinotning
Ipidan ignasi sizda erur jam.
Qatralar!
Tong mahal gul yaprog‘ida
Mavjlanar bir yog‘du ichra miltirab.
Hijronda termilgan, yer yonog‘idan
To‘kilar, go‘yoki simobday titrab.
Qatralar!
Hech qachon etmagay inkor
Tabiatning so‘ngsiz ulug‘ligini.
Men, aslo, tasavvur qilmayman zinhor,
Hayotning qatralarsiz to‘liqligini.
Qatralar!
Birlashib seni sog‘-omon
Mehru muhabbat-la ko‘tardi do‘stim.
Buyuklikni sevgan, ey aziz inson,
Jajji qatrani ham unutma bir zum.