Tong paytida…
Bugun taniqli shoir Mamarasul Boboyev tavallud topgan kun.
M.Boboyev 1911 yil 3 aprelda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 1931 yilda Samarqand pedagogika akademiyasining ijtimoiy fanlar fakultetiga o‘qishga kiradi. Shu bilan birga respublika xalq xo‘jaligini kollektivlashtirish, savodsizlikni tugatish kompaniyalariga komsomol yo‘llanmasi bilan safarbar etilib, ishga kirishib ketadi.
U dastlab Bulung‘ur tumanida o‘qituvchilik qiladi, keyinchalik Namangan pedagogika bilim yurtida va Toshkent maktablarida ona tili va adabiyot fanidan dars beradi.
1938 yilda Toshkent pedagogika institutini tugatadi. 1941-1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Keyinchalik, umrining oxirigacha respublika gazeta, jurnal, nashriyotlari va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan.
«Janubiy nuqtada», «Eron daftari», «Sadoqat haqida» she’rlar turkumi va boshqa kitoblari nashr etilgan.
Uning «Yoshlik chog‘im — oltin chog‘im», «Go‘zallik istab» kabi dramalari katta sahnalarda qo‘yilgan. Rus (M.Lermontov, N.Nekrasov, T.Shevchenko, N.Tixonov, K.Simonov), tatar (M.Jalil), avar (R.Hamzatov) shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mamarasul Boboyev 1969 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
Tong paytida…
Ko‘rganmisiz, tong paytida
G‘unchalar kulishini,
So‘ng hech narsa bo‘lmaganday,
Jimgina turishini.
Shu saharda tumorini
Endi ochgan g‘unchalar,
Nozu firoq va sehrni
Qaydan oldi bunchalar?
Yosh qizlarday uyalishar,
Sir berishmas bizlarga,
O‘grildingmi, kulishadi,
Qo‘shishadi so‘zlarga…
Lablariga hali kirmay
Bahoru bolning ta’mi,
Yuzlaridan hali uchmay
Salqin tongning shabnami,
Yel-yelpinga silkinishu
Sabrsizlik, sho‘xliklar,
Goh qahqaha, goh chinqiriq,
Yangrar goho qo‘shiqlar.
Ko‘rganmisiz tong paytida
G‘unchalar kulishini,
Ilk bahorda yuzin ochib
Husnga to‘lishini?
Bilmaysizmi, men bilaman
Ular nega kulishar?
Bulbul kuyin ma’nosini
Ilk bor tuygan bilishar…
Bo‘tako‘z
Kipriklaring nozik va uzun,
Ko‘zlaringning otashi zilol.
Xuddi senga o‘xshagan suzgun,
Xumor ko‘zdan menda rashk, xiyol.
O‘tganlarga tashlaysan nazar,
Borlig‘ingda sho‘xlik va husn.
Ular nima o‘ylar, alhazar,
Sen bilmaysan, o‘ylari qursin…
Xumorimga o‘xshaysan, chechak,
Ko‘rdim ko‘zing kelganda to‘qnash.
Bulbul shundan qilarmi “chax-chax”
Navolari navomga o‘xshash…
Jilva
Surnay nusxa namozshomgullar
Chaman ichra kechki salqinda,
Sokingina porlaydi ular
Savsar yonib yashil yolqinda…
Xolday kichik shu nuqta bilan
Kamol topgan bog‘da bu lavha,
Bir g‘azalki, o‘qib to‘ymaysan,
“Uzoq umr” – loyiq sarlavha.
Lavhadagi nafis bu jilva,
Tabassumday yonuvchi bu rang,
Bir nigohki, qiladi telba,
Afsus, bir shom yashaydi arang.
Erta yana boshqa har jilo,
Va har lavha – hammasi oniy.
Shundan balki, go‘zal, dilrabo,
Bu bog‘larning tongi, oqshomi.