Nusrat Rahmat: Chorrahadagi bolakay

Publitsist, yozuvchi va jurnalist Nusrat Rahmat 1941 yilning 3 iyul kuni Samarqand tumanidagi Qo‘shmachit qishlog‘ida tug‘ilgan.

Avval “Zarafshon” (“Lenin yo‘li”) gazetasida, keyin “Qishloq haqiqati” gazetasining Samarqand, Buxoro viloyatlari bo‘yicha muxbiri bo‘lgan. So‘ngra Toshkentga ko‘chib “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Mehnat” nashriyoti, O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasida xizmat qilgan. 1975 yili “Agar tabiatni sevsangiz” degan ilk kitobi nashr etilgan.

Jurnalist-yozuvchining “Chanqovuz”, “Olis-olis so‘qmoqlar”, “Dasht”, “Zamondosh o‘ylari”, “Seleksiya mo‘’jizasi”, “So‘qmoqlar va saboqlar” singari yigirmadan ko‘proq hikoya va ocherklardan iborat kitoblari bosilgan.

“Taqdimot” she’rlar, “Fojia” deb nomlangan hikoyalar to‘plami, shuningdek, “Men muxbirman”, “Men redaksiyadanman”, “Eng ashaddiy kallakesar“, “Asqad Muxtor dedilar” singari kitoblari, "Jadid" romani chop etilgan.

2004 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni berilgan.

Quyida Nusrat Rahmatning ta’sirli maqolalaridan birini o‘qiysiz.

***

Chorrahadagi bolakay yoxud publitsist yozuvchining iztirob va o‘tinchlari

Siyob bozoridan uyim tomon qatnaydigan «Damas»da uning to‘lishini kutib o‘tirgan edim. Shu payt portfel yelkalagan bolakay salom berib, kirib keldi. Haydovchi undan to‘ngu takabburlik ila so‘radik:

– Puling bormi?

U ham «bor» ishorasini qilib, yuz so‘mlikni ko‘rsatdi.

– Kira haqi yuz ellik so‘m bo‘ladi, – dedi galvars haydovchi. – Tush!

Bu hol daf’atan jahlimni chiqardi va shofyor bilan aytishib qoldik. Shunisi alamli bo‘ldiki, salondagi odamlarning birortasi tarafimni olmadi. Qon bosimim ikki kundan keyingina o‘z holiga tushdi.

Siz ham shunga mengzaydigan bir holning guvohi bo‘lgandirsiz? Gohida yo‘l chetida mashina kutib turgan o‘quvchilar avtobus va «Damas» haydovchilariga uzoqdanoq intizorona pul ko‘rsatadigan bo‘lishibdi. Aks holda o‘rindiq bo‘sh bo‘lsa ham mindirishmaskan ayrim qalbi qasir, bedavo haydovchilar. Xayf-ye! Bu o‘tkinchi dunyoda Xudo va vijdon oldida bot-bot hisob berib turmoq kerak-ku, axir!

Tag‘in bir noxush va nadomatli holat. Mening ikki nabiram har ertalab maktabga borishda shahrimizning gavjum bir chorrahasidan o‘tishga majbur. Bizning esa kechgacha yuragimiz zirillab turadi. O‘tgan yili aynan ana shu mash’um chorrahada «Damas» portfel yelkalagan bolani urib ketganiga guvoh bo‘lgandim. O‘shanda biz kitoblari sochilib ketgan, o‘zi esa qonga belanganicha tipirchilayotgan norasidaga qarab yugurdik. Birinchi bo‘lib bir rus ayoli uni yerdan ko‘tarib oldi. Jabrdiyda o‘g‘lon onasini topganday, begona ayolni quchoqlab, uning yelkasiga bosh qo‘ydi. Hammayoq qiy-chuv bo‘lib ketdi. Bir necha lahzadan so‘ng bola bosh ko‘tarib, bizlarga qaradi. Men uning nigohlaridan: «nega meni bu ko‘yga solib qo‘ydilaring? Gunohim nima edi?» degan alamli o‘kinchni uqqanday bo‘ldim. Bola bu gal ayolning yelkasiga g‘ayritabiiy bosh qo‘ydi. Ayol esa faryod chekib yig‘lashga tushdi. Bola o‘lgan edi!

Unutmang: bola o‘lsa, o‘zi bilan olamni olib ketadi!

Ishoning: u bot-bot tushlarimga kirib turadi.

Kechir, biz – kattalarni, jigarim!

Mazkur chorrahada (boshqalarida ham) ayniqsa, o‘quvchilar o‘tayotgan lahzalarda yo‘l harakati nozirlarini uchratmayman. Nahotki, ularning bundan-da zarurroq yumushlari bo‘lsa?! Ularning o‘zlari aynan chorraha norasidalar ko‘proq nobud yoxud nogiron bo‘lishayotganidan nolishadi-yu, amalga kelganda, tariqcha jonso‘zlik qilishmaydi. Bilaman, ular ham bolakaylarni yaxshi ko‘rishadi, ammo yaxshi ko‘rishning o‘igina kifoya emas ekanda…

Bundan bir necha yillar muqaddam Litvada bo‘lganimda, bag‘oyat ibratli va hayajonli manzaraning guvohi bo‘lgandim. Allaqanday davlat arbobini qo‘riqchilar qurshovida, sirena signallari bilan olib o‘tayotgan kortej taqqa to‘xtadi. Qarasam, shohko‘chada bir bola paydo bo‘lgan ekan. U bamaylixotir o‘tib olgunicha, mashinalar hatto, signal ham bermay turishdi. Rost gap, quchib olgim keldi o‘sha arbobni ham, bolakayni ham.

Mantiqni madadga chaqiring: axir, ko‘chadan Bola o‘tyapti-ku!

Bolalar, keksalar, majruhlar mehrga, muruvvatga, madadga muhtoj va daxldor odamlar! Buni unutishga haqqimiz ham, haddimiz ham yo‘q!

Aynan, bolakay kelajakdir! O‘z kelajagiga nopisand bo‘lgan millatni tarix kechirmagan!

Fikrimga qo‘shiling: keyingi yillarda bolalarga e’tiborni oshiryapmiz. Ularni nisbatan shohistaroq kiyintiryapmiz, nomdor maktablarga o‘qishga qo‘yayapmiz; sport, musiqa, chet (ayniqsa, ingliz) tillariga esh qilyapmiz. Ularni ashraflikka da’vat etishimiz bizning ichki madaniyatimiz, ma’naviyatimiz boyib borayotganidan dalolatdir.

Ammo, lekin yuqorida ta’kidlaganim – noxush hollar ham anchagina. Aslini olganda, o‘quvchilarni o‘z manziliga bepul va beminnat olib boradigan bag‘rikeng, saxiy birodarlarimiz ham yo‘q emas. Ammo bu hol qachon ommalashar ekan, deb iztirob chekadigan bo‘lganman va bor ovozda odamlarga murojaat qilgim, hidoyatga chorlagim kelib ketadi! Qaysi biram savobtalab tuman yoki shahar haydovchilari bu ezgu tashabbusni boshlab berisharkin, deb umidvor bo‘laman. Shunday qilishsa, ehtimol, bu hol viloyat va hatta, respublikada ham ommavlashar…

Mayli, buni vaqt ko‘rsatadi. Lokinda kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar, shuni yodda tutishimiz zarurki, yo‘l boshida turgan bolakay yoshi, millatidan qat’iy nazar, mening va sizning jigargo‘shamizdir! Ha, ha, u begona emas! Ertaga dorilbaqoga rixlat qilsak, bel bog‘lab, dilxun bo‘lib yig‘laydigan yigitcha xuddi ana shuning o‘zidir!

Ehtimol, siz haydovchi emasdirsiz, yo‘l nazoratchisi bo‘lmagandirsiz. Ammo kasbu koringizdan qat’iy nazar, chorrahada turgan bolaga yo‘l ko‘rsatish, madad berish ma’naviy burchingizdir! Zero, kelajakda uning kim bo‘lishi – millat jarohatlarining shafqatli shifokori yoki ana shu jarohatlarga tuz sepadigan badkirdor bo‘lishi shunga bog‘liq!

Jigarim, qo‘lingni ber, yelkamga opichlab ol! Men seni manzilga eltaman. Ishon: bu holdan o‘zim ham behudud halovat topaman.