Onajon, bu galgi yurak so‘zimni, senga bag‘ishladim, senga, azizam!

Xalq orasida mashhur bo‘lgan ushbu she’r muallifi, shoir va dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Dushan Fayziy hayot bo‘lganida bugun 96 yoshni qarshilardi.

Dushan Fayziy 1927 yil 5 fevralda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan.

Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limida, viloyat televideniye va radioeshittirish qo‘mitasida, SamDUda prorektor, «Imom Buxoriy» xalqaro xayriya jamg‘armasida ishlagan.

Shoir sifatida «Tug‘ilgan kunim», «Qalbim seniki», «Navo», «Yor xayoli», «Onaizor», «Buyuklik», «Samarqandnoma», «Sevgilim» kabi she’riy to‘plamlar nashr ettirgan. Dramaturg sifatida esa «Zarafshon qizi», «Birinchi uchrashuv», «Kelin keldi», «Qorasoch», «G‘azal va muhabbat», «O‘n yetti yoshlilar» va boshqa sahna asarlari yaratgan.

Dushan Fayziy 2009 yilda vafot etgan.

Quyida shoirning she’rlaridan namunalar o‘qiysiz.

ONAJON
Onajon, bu galgi yurak so‘zimni,
Senga bag‘ishladim, senga, azizam!
Yo‘q-yo‘q so‘zim emas, balki o‘zimni,
Senga bag‘ishladim, senga, azizam!

Sen meni yaratding, rahmat onajon,
Hadya etding meni yorug‘ dunyoga.
Yaratding, qalbingdan bag‘ishlading jon,
Ko‘zimni to‘ldirding nuri-ziyoga.

Qancha so‘qmoqlardan o‘tding yetaklab,
Oshno qilding meni hayotga, elga.
Ba’zan izlaringdan yurdim emaklab,
Sen meni boshlading insoniy yo‘lga.

Ba’zan sen parvona, men chiroq bo‘ldim,
Sen chiroq bo‘lganda bo‘ldim parvona.
Koyisang yig‘ladim, erkalasang kuldim.
Shu zayl bag‘ringda ulg‘aydim, ona.

Senga ikki qo‘llab talpindim doim,
Ba’zan belanchakdan, ba’zan beshikdan,
Bag‘ringga intildim, quyoshim, oyim,
Ba’zan devor osha, ba’zan eshikdan.

Ha, senga intildim, intildim senga,
Qalbim bog‘liq ekan qalbing toriga,
Men senga intildim, sen esa menga,
Shukur qilay bu dunyoda onam boriga.

Qo‘llarim ko‘ksimda qilaman ta’zim,
Sen axir qalbingdan qon berding menga.
O‘zingdan o‘zingman, ko‘zingdan ko‘zim,
Sen axir joningdan jon berding menga.

Farzandlik burchim bu sening qarshingda,
Egilaman boshim yerga yetguncha,
Bir umr parvonang bo‘lay boshingda,
Ko‘z yumub dunyodan tamom o‘tguncha....

NEChA KUNKIM
Necha kunkim, parishondir xayolim,
Necha kunkim, dilim erur g‘ash.
Nahot, bir so‘ramading, nigoro, holim,
Vujudim yondirar pinhoniy otash.
Kimnidir kutadi bezovta ko‘ngil,
Kimnidir izlayman bo‘m-bo‘sh xonada.
Iztirob chekadi xonamdagi gul,
To‘kilgan barglarin ko‘rib yonida.
Eshikka javdirab qarar ko‘zlarim,
Tiq etsa sevinchdan entikar yurak.
Ba’zida adashib ketar so‘zlarim,
Nachora, bugun ham bo‘lmadi darak?!
Ko‘zimga tor etib so‘ngsiz dunyoni,
Javonda kitoblar turishar qator.
Toshoyna izlaydi tanish siymoni,
Sukutda turmishdir chang bosgan dutor.
Tong otar, kun botar – o‘tar bugun ham,
Har daqiqa menga tuyular bir yil.
Oromimni olmish hasratu alam,
Kimnidir kutadi bezovta ko‘ngil.