Erkinjon TURDIMOV: "Agar ilm - iymon, boylik - dunyo istasangiz Samarqandga keling!"
Samarqand – mamlakatimizda ham tarix, ham bugungi islohotlarni jadal amalga oshirishda beqiyos xizmat ko‘rsatayotgan viloyat. Uning markazi Samarqand esa mo‘’jizaviy shahar, dunyo sayqali. Jahonga ilm-ma’rifat tarqatishga beqiyos hissa qo‘shgan zamin. Shu bois bu yerda fan, ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot tobora rivojlanib boryapti.
Bugun nafaqat o‘zbekistonlik yoki osiyoliklar, balki dunyoning yarim aholisi Samarqandni juda yaxshi biladi va qadrlaydi. Lekin bu tarixning biz uchun faxrli bo‘lgan jihatlarini qayd etmoq zarur. Xususan, dunyo imomlarining uchta buyugidan ikki nafari (Mahdumi A’zam va G‘avsul A’zam)ning qadami tekkan yurt. Uch dinning payg‘ambari Doniyor hazratlarining ramziy qabri shu yerda. Yana bir payg‘ambar – Hazrati Dovud ham bu tufroqqa qadam qo‘ygan degan qarashlar mavjud. Abu Hoja Tohiriy ta’kidlaganidek, «Agar ilm va iymon istasang Makkaga bor, boyligu dunyo istasang Hindistonga bor, agar ikkalasini ham istasang, Samarqandda qol».
Faqat bugina emas, bugun Samarqand zamini nafaqat ko‘ngil, niyatlar, balki nazarlar ham poklanib qadam qo‘yadigan joy. Ikkita uyg‘onish davrida ham Samarqand va bu zaminda kamolga yetgan allomalar, jahongir va mutafakkirlarning munosib o‘rni bor. Ular dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Hazrat Alisher Navoiyning aynan shu oshiyonga kelib, Abulays Samarqandiydan tahsil olishining o‘ziyoq bu maskan ne chog‘lik muborak ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Bugun viloyatimizda jamiyat hayotining barcha jabhalarida, har bir shahar va qishlog‘imizda ulkan yangilanish, o‘zgarishlar jarayoni ketmoqda. Bu o‘zgarishlar, yangilanishlar mohiyatida esa ozod va obod Vatanimiz bag‘rida xalqimizning farovon yashashi uchun imkoniyat yaratish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadlari mujassam. Quvonarlisi, ushbu ezgu maqsad yo‘lida samarqandliklar ham fidoyilik ko‘rsatmoqda.
***
Bugun Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tug‘ilgan kun.
E.Turdimov 1969 yil 10 iyulda Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan.
U 1991 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1991 yil “O‘zsanoatqurilishbank”ning Sirdaryo filialida bo‘lim bosh mutaxassisi lavozimidan boshlagan.
Erkinjon Turdimov 2008 yilda bir muddat O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Erkinjon Turdimov 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.