"Qalqon"  va "Bars"  jamoalari musobaqa g‘oliblari

Samarqand shahridagi "Dinamo" o‘yingohida “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Milliy gvardiya, Xalq ta’limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari  va Yoshlar  ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada shahar va tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilaridan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa ishtirokchilari umumhimoya to‘plamini kiygan holda zaharlangan hududdan o‘tish, avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ish, saf tayyorgarligi, yugurish, bilimlar bellashuvi kabi 9 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Murosasiz tarzda o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra, Bulung‘ur tumanidagi 13-umumta’lim maktabining "Qalqon" hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-IDUMning "Bars" jamoalari musobaqada yuqori natijalarni qayd etib, mutlaq g‘olib bo‘ldi va respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.