Qandli diabetning oldini olish kasallik asoratlaridan aziyat chekmaslikni ta’minlaydi
Yo.To‘raqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali xodimlari Nurobod va Urgut tumanida 40 ëshdan yuqori bo‘lgan aholida qandli diabet kasalligini aniqlash va davolashga bag‘ishlangan tadbir va patronaj hamshiralar uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
Tadbir doirasida endokrin kasalliklar bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar ko‘rigi o‘tkazildi. Yotoqda bo‘lgan bemorlar holidan xabar olindi.
- Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 40 ësh va undan yuqori bo‘lgan aholi o‘rtasida maqsadli skrining o‘tkazish bo‘yicha ishlar keng ko‘lamda olib borilyapti, - deydi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari Gulzoda Negmatova. - Ayrim hollarda diabetoldi holat umumiy holsizlik, mehnat qobiliyatining pasayishi, kuchli chanqoq hissi, tez-tez peshobga chiqish, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qon bosimining ko‘tarilishi, yaralarning sekin bitishi kabi qandli diabetga xos bo‘lgan ayrim alomatlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Biroq 90 foiz holatda tasodifan, ya’ni rejaviy ko‘rik yoki biror kasallik mavjudligi sababli tayinlangan laboratoriya tekshiruvlari davomida aniqlanadi. Bunda qondagi qand miqdori och qoringa me’yorda 3,5-6,0 mmol/lgacha, diabetoldi holatda 6,1 dan 7 mmol/lgacha, ovqatlanishdan 2 soat o‘tgach, me’yorda 7,8 mmol/lgacha, diabetoldi holatda 7,8 dan 11 mmol/lgacha bo‘ladi. O‘z vaqtida tekshiruvlardan o‘tish kishilarning kasallikning oldini olib, asoratlardan aziyat chekmasliklariga sabab bo‘ladi.