Qarz

Sayim tog‘a Ikkinchi jahon urushidan nogiron bo‘lib qaytgandi. Yarador bo‘lib Bryansk shahrida harbiy gospitalda uzoq davolandi, biroq yana frontga qaytib, dushman bilan jang qilish nasib etmadi. Urushga yaroqsiz, nogiron bo‘lib qolgandi. Qishlog‘iga qaytarishdi. Umrining oxirigacha jarohat azobi bilan yashadi. Chekkan iztiroblari tinchlik bermasdi. Ko‘z oldidan hamshira Mariya Shabrinaning mehribon nigohi ketmasdi. Besh oy davomida goh behush, goh hushida o‘lim bilan olishib yotganida boshida parvona bo‘ldi, tashnaligida og‘ziga suv tomizdi, isitmasi chiqqanida sochiqni ho‘llab peshanasiga bosdi. Uyga javob berishganida vokzalga kuzatib chiqdi.

- Sayim, mana bu pulni ol, yo‘l uzoq, yegulik olib, yeb ketarsan! – Mariya unga uchta qizil o‘n o‘sumlik uzatdi.

- Kerakmas Mariya, shundoq ham menga ko‘p yaxshilik qilding, umrbod oldingda qarzdorman, urush tugasa, O‘zbekistonga bor, manzilimni bilasan, kutaman, xayr!

- Yo‘q, avval pulni ol, keyin xayrlashamiz. Sayim hamshirani xafa qilishni istamay, noiloj pulni oldi.

- Qarzzingni uchrashganimizda qaytarasan, - hazillashdi Mariya. – Endi xayr, sog‘-salomat yetib ol yurtingga! – hamshiraning ko‘zlarida yosh miltilladi.

- Xayr, hamshira!

Urush tugagach, Sayim tog‘a Bryansk gospitaliga bir necha marta xat yozib, Mariyani yo‘qladi, javob bo‘lmadi. Mariyadan olgan qarzi egasini topmay qaytib keldi. Yana yozdi, bu gal Bryansk shahar pochta boshqarmasidan javob keldi: “Harbiy gospital urushdan keyin yopilgan, xodimlari tarqab ketgan...”.

Sayim tog‘a sezyapti, umri nihoyasiga yetib bormoqda. “Qanday qilib Mariyaning daragini topsa, tirik bo‘lsa, o‘ziga, dunyodan o‘tgan bo‘lsa, biror yaqinlariga undan olgan qarzini uzsa...”.

Bir ta’ziyaga borib kelgach, ruhan ezilib, kamgap va xomush bo‘lib qoldi. Janoza oldidan imomning marhumni farzandlaridan “Otangiz birovlardan qarz olgan bo‘lsa, dalillar bilan so‘rab kelsa, qaytarasizlarmi? Qarzning qiyomatda so‘rog‘i og‘ir”, degani qulog‘idan ketmasdi.

- Bobo, siz ko‘p kuyinavermang, albatta o‘sha hamshirani topamiz, - ko‘nglini kutardi jurnalist nabirasi Dilshod. – Nomingizdan Bryansk shahar gazetasiga xat yozamiz. Ko‘rasiz, yordam berishadi.

- Baraka top, bolam! - duo qildi ko‘ngli yorishgan Sayim tog‘a. Tog‘aning xatiga javob bo‘lmadi. Keyingi paytlarda urushdan orttirgan jarohati tez-tez xuruj qiladigan bo‘lib qolgandi. Qon bosimi oshib, ko‘ngli cho‘kib yotib qolgan kunlaridan birida Bryansk shahri gazetasidan xabar keldi:

“Hurmatli Sayim Xoshimov! Siz qidirayotgan hamshira Mariya Shabrina urushdan keyin Rostovga ko‘chib ketgan. Uning nevarasi Olga Shabrina bilan bog‘landik, buvisi o‘tgan yili vafot etgan ekan. Olga bilan aloqa o‘rnatishingiz mumkin. Manzili: Rostov shahri, Don ko‘chasi, 8-uy”.

- Bobo, mana, Olga Shabrinaga voqeani yozib, buvisidan olgan qarzingizni jo‘natib, kvitansiyasini keltirdim, - dedi Dilshod.

- Uning ovozini eshitib, Sayim tog‘a horg‘in ko‘zini ochdi.

- Xudoga shukur. – U chuqur xo‘rsinib, yana ko‘zlarini yumdi, yelkasidan tog‘ ag‘darilib, yengil tortdi. - Balli o‘g‘lim!

Bundan ellik yil avval bo‘lgan bu voqeani eslar ekanman, bugun ota- bobolarimiz nechog‘lik ardoqlab kelgan yaxshilik, burch, mehr-oqibat singari yuksak insoniy qadriyatlar sal unutilayotganidan afsuslandim.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.