Qaysi davlatlar Samarqandga qaysi sohalarga sarmoya kirityapti?

2025 yilda viloyatimizga 3,6 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish belgilangan. Birinchi chorak uchun esa bu reja 509,3 million dollarni tashkil etadi. Yilning o‘tgan davrida viloyatimizga 547,2 million dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 123 foizga ta’minlangan.
Viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Sobirov jalb qilingan sarmoyalar haqida ma’lumot berar ekan, mablag‘larni davlatlar kesimida tahlil qildi. Unga ko‘ra, Xitoy (217,9 million dollar), Turkiya (29,3 millon), Rossiya (40,2 million), BAA (14,8 million) va boshqalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Misol uchun, Samarqand shahrida Xitoy bilan hamkorlikda “Azia Metall Prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan “Po‘lat eritish va qora metall ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi doirasida 82,2 million dollar, Qo‘shrabot tumanida “Si Tong Stoun” MChJ tomonidan granit toshini qazib olish va qayta ishlash loyihasi doirasida 6 million dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Rejaga asosan, 2025 yilda viloyatning eksport hajmini 850 million dollarga (617,7 million dollar sanoat mahsulotlarini hamda 232,3 million dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) yetkazish belgilangan. Qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solgan holda, joriy yilda viloyatning jami eksport hajmini 970,7 million dollarga (627,5 million dollar sanoat mahsulotlari hamda 343,2 million dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilning I choragida 229,3 million dollar qiymatidagi mahsulotlar eksportga chiqarilib, ko‘zlangandan 161,2 foizga (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 152 foiz) ortiq mahsulot sotilgan. Shundan, sanoat mahsulotlari eksporti 174,2 million dollar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 55,1 million dollarni tashkil etgan. Ya’ni, viloyatdagi 374 ta korxona tomonidan jami 579 turdagi mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Yaxshi tomoni Kipr, Chili kabi yangi bozorlar o‘zlashtirilib, eksport geografiyasi yanada kengaygan.
- Joriy yilda viloyatdagi korxonalar bilan manzilli ishlar tashkil qilinib, 30 ta salohiyatli korxona eksport faoliyatiga jalb qilindi, - deydi Sh.Sobirov. – 10 ga yaqin yangi turdagi mahsulot, jumladan, qayta ishlangan uzum chiqindisi, teridan ishlangan sumkalar, shisha tolalari eksportga chiqarilib, ularning hajmi 1,4 million dollarga yetkazildi. An’anaviy bozorlar o‘rniga Yevropaning yuqori qiymatli Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga umumiy preferensiyalar tizimi (GSP+) imkoniyatlaridan keng foydalangan holda eksport amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda 7,7 million dollar qiymatidagi mahsulotlar Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilindi. Misol uchun, Rossiya davlatiga eksport qiluvchi “Zarafshon Tekstil” MChJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 1,1 million dollar qiymatidagi kiyim-kechak mahsulotlarini Germaniya davlatiga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Eksportning ortgani, yangi ish o‘rinlari tashkil etilgani va ko‘p sarmoya jalb qilanayotgani quvonarli, lekin kiritilayotgan mablag‘lar asosan AQSh, Yevropadan ko‘ra Xitoydan ko‘p investitsiya jalb etilmoqda va ularning aksariyati yerosti boyliklarini qazib olish, tekstil kabi sohalarga kiritilmoqda. Nega mikrochiplar ishlab chiqarish, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar, robototexnika va yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritish ishlari sustligicha qolmoqda?
Bu savolga javob berar ekan Sh.Sobirov "Yaqin yillardan boshlab dunyoga ochildik va keng ko‘lamli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ydik, - dedi. - Bunda qisqa vaqtda yuqori texnologiyalarni olib kelishning imkoni yo‘q. Chunki, buning uchun yetarli tajriba, bu sohalarda yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligi bor. Yevropa davlatlarining o‘zlarida biroz murakkab jarayon kechmoqda, shunday bo‘lsa-da Italiya, Ispaniya, Fransiya davlatlari bilan ishlar olib borilyapti, lekin Yevropa, AQSh boshqa hududda birdan ish boshlamaydi va birdan katta sarmoya kiritmaydi. Buning uchun ancha vaqt talab etiladi. Hozir ham bizda zamonaviy texnologiyalar yo‘q emas, masalan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda yuqori texnologiyalardan foydalanayotgan korxonalar bor. Yana bir og‘riq masalamiz, logistika tarmog‘i bilan bog‘liq. Dunyoda eng arzon transport dengiz yo‘li hisoblanadi, bizda esa bu imkoniyat cheklangan. Bu eksport qilinayotgan mahsulotning tannarxiga ham ta’sir qiladi, qolaversa, raqobatni yengib, yangi bozorga birdan kirib bo‘lmaydi, avvalo, ishonch bo‘lishi kerak. Buning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yib mahsulotlarimizni sotish borasida ish olib boryapmiz. Hozir Yevropa davlatlarida ham mahsulotlarimizga ishonch ortdi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.